Har kuni dunyo bo‘ylab millionlab musulmonlar Ka’baga nazar tashlar ekan, yopinchig‘ini bezab turgan oltin harfli yozuvlar ortida bir insonning amaliy merosi mujassam ekanligini bilavermaydi.
U kishi – Ka’ba yopinchig‘ini bezashga umrini bag‘ishlagan mashhur xattot Abdurahim Amin Buxoriydir.

Uning nomi, garchi Saudiyadan tashqarida unchalik mashhur bo‘lmasa-da, Ka’bani yopib turgan matoda abadiy yashab kelmoqda.

Ota-bobosi asli namanganlik bo‘lgan Abdurahim Amin Buxoriy 1917 yilda Makkada dunyoga kelgan. Bolaligidanoq xattotlikka qiziqib, yosh bo‘lishiga qaramay yuksak mahorati bilan tanildi. Podshoh Abdulaziz tomonidan 1927 yilda tashkil etilgan Kisva fabrikasida 15 yoshida ish boshladi va shu yerda xattotlik san’atining nozik jihatlarini o‘rgandi. 1930-yillarda bosh texnik, keyinchalik, 1960-yillarda fabrika rahbarining o‘rinbosari lavozimida mehnat qildi.

Har yili yangilanadigan kisva qora ipak matodan tayyorlanib, unga Allohning kalomi oltin va kumush iplar bilan yoziladi. Abdurahim Amin Buxoriy mana shu sharafli vazifani o‘nlab yillar davomida bajardi. Uning “sulus” uslubidagi xati Ka’baning oltin yozuvli kamari – “hizam” uchun asosiy namunaga aylandi. Bugun ham u yozgan namuna asosida Kisva tikiladi. 658 kvadrat metrlik kisva 670 kg ipakdan tayyorlangan bo‘lib, maxsus dastgohlar yordamida bir-biriga tikilgan 47 qismdan iborat.

1944 yilda podshoh Abdulaziz Ka’ba uchun yangi eshik yasashni buyurdi. Eshikdagi yozuvlarni bitish ham aynan Abdurahim Aminga nasib etdi va 1947 yilda Ka’baga o‘rnatilgan yangi eshik Islom san’atining yuksak namunasiga aylandi. Keyinroq, 1979 yilda o‘rnatilgan hozirgi eshikda ham uning xattotlik ishlari aks etgan.
Abdurahim Amin Buxoriy mashhurlikdan yiroq, kamtar va fidokor inson edi. Saudiya Arabistoni Qirollik bayrog‘i uchun yozuv namunasini ham, Madinadagi Ravza pardasi va ko‘plab masjid bezaklarini ham Abdurahim Amin ishlagan.

Qirol Faysal uning xizmatlarini e’tirof etib, Abdurahim Amin Buxoriy ismini Kisvaga yozdirdi va bu sharafli in’om hanuz saqlanib turibdi.
Abdurahim Amin Buxoriy 1990-yillar oxirida vafot etgan bo‘lsa-da, uning san’ati har yili Ka’baga yangi Kisva osilishi bilan yana qayta akslanadi. Uning qalamidan chiqqan har bir yozuv go‘zallikka xizmat qiladi. Bugun har bir ziyoratchi Ka’baga qaraganda, aynan Buxoriy yozgan yozuvlarga nazar tashlaydi – bu esa uning Alloh kalomini go‘zal shaklda bitishga bag‘ishlagan umrining dalilidir.
T.Azimov tayyorladi
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati