Har kuni dunyo bo‘ylab millionlab musulmonlar Ka’baga nazar tashlar ekan, yopinchig‘ini bezab turgan oltin harfli yozuvlar ortida bir insonning amaliy merosi mujassam ekanligini bilavermaydi.
U kishi – Ka’ba yopinchig‘ini bezashga umrini bag‘ishlagan mashhur xattot Abdurahim Amin Buxoriydir.

Uning nomi, garchi Saudiyadan tashqarida unchalik mashhur bo‘lmasa-da, Ka’bani yopib turgan matoda abadiy yashab kelmoqda.

Ota-bobosi asli namanganlik bo‘lgan Abdurahim Amin Buxoriy 1917 yilda Makkada dunyoga kelgan. Bolaligidanoq xattotlikka qiziqib, yosh bo‘lishiga qaramay yuksak mahorati bilan tanildi. Podshoh Abdulaziz tomonidan 1927 yilda tashkil etilgan Kisva fabrikasida 15 yoshida ish boshladi va shu yerda xattotlik san’atining nozik jihatlarini o‘rgandi. 1930-yillarda bosh texnik, keyinchalik, 1960-yillarda fabrika rahbarining o‘rinbosari lavozimida mehnat qildi.

Har yili yangilanadigan kisva qora ipak matodan tayyorlanib, unga Allohning kalomi oltin va kumush iplar bilan yoziladi. Abdurahim Amin Buxoriy mana shu sharafli vazifani o‘nlab yillar davomida bajardi. Uning “sulus” uslubidagi xati Ka’baning oltin yozuvli kamari – “hizam” uchun asosiy namunaga aylandi. Bugun ham u yozgan namuna asosida Kisva tikiladi. 658 kvadrat metrlik kisva 670 kg ipakdan tayyorlangan bo‘lib, maxsus dastgohlar yordamida bir-biriga tikilgan 47 qismdan iborat.

1944 yilda podshoh Abdulaziz Ka’ba uchun yangi eshik yasashni buyurdi. Eshikdagi yozuvlarni bitish ham aynan Abdurahim Aminga nasib etdi va 1947 yilda Ka’baga o‘rnatilgan yangi eshik Islom san’atining yuksak namunasiga aylandi. Keyinroq, 1979 yilda o‘rnatilgan hozirgi eshikda ham uning xattotlik ishlari aks etgan.
Abdurahim Amin Buxoriy mashhurlikdan yiroq, kamtar va fidokor inson edi. Saudiya Arabistoni Qirollik bayrog‘i uchun yozuv namunasini ham, Madinadagi Ravza pardasi va ko‘plab masjid bezaklarini ham Abdurahim Amin ishlagan.

Qirol Faysal uning xizmatlarini e’tirof etib, Abdurahim Amin Buxoriy ismini Kisvaga yozdirdi va bu sharafli in’om hanuz saqlanib turibdi.
Abdurahim Amin Buxoriy 1990-yillar oxirida vafot etgan bo‘lsa-da, uning san’ati har yili Ka’baga yangi Kisva osilishi bilan yana qayta akslanadi. Uning qalamidan chiqqan har bir yozuv go‘zallikka xizmat qiladi. Bugun har bir ziyoratchi Ka’baga qaraganda, aynan Buxoriy yozgan yozuvlarga nazar tashlaydi – bu esa uning Alloh kalomini go‘zal shaklda bitishga bag‘ishlagan umrining dalilidir.
T.Azimov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dinimiz musulmon insonning har bir so‘zini ahamiyatli deb biladi. Kundalik hayot va o‘zaro muomalalardan tortib, hatto Robbi bilan bo‘lgan ahdlashuvlarni ham tartibga solib bergan Islom insonlarga oson qilingan dindir. Qasam va nazr ahd hisoblanadi. Alloh taolo qasam va ahdga vafo qilish muhim ish ekani bois Qur’oni karimda bir necha oyatlarni nozil qilgan. Shulardan:
إِنَّ الَّذِينَ يَشْتَرُونَ بِعَهْدِ اللَّهِ وَأَيْمَانِهِمْ ثَمَنًا قَلِيلًا أُولَٰئِكَ لَا خَلَاقَ لَهُمْ فِي الْآخِرَةِ وَلَا يُكَلِّمُهُمُ اللَّهُ وَلَا يَنْظر إِلَيْهِمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا يُزَكِّيهِمْ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ
“Albatta, Allohning ahdini va o‘z qasamlarini arzon bahoga sotadiganlar uchun oxiratda nasiba yo‘qdir. Qiyomat kuni Alloh ularga gapirmas, nazar solmas va ularni poklamas. Ularga alamli azob bordir” (Oli Imron surasi, 77-oyat).
وبِعَهْدِ اللَّهِ أَوْفُوا ۚ
“Allohga bergan ahdingizga vafo qiling” (An’om surasi, 152-oyat).
وَأَوْفُوا بِعَهْدِ اللَّهِ إِذَا عَاهَدْتُمْ وَلَا تَنْقُضُوا الْأَيْمَانَ بَعْدَ تَوْكِيدِهَا وَقَدْ جَعَلْتُمُ اللَّهَ عَلَيْكُمْ كَفِيلًا ۚ إِنَّ اللَّهَ يَعْلَمُ مَا تَفْعَلُونَ
“Agar ahdlashsangiz, Allohning ahdiga vafo qiling. Qasamlarni ta’kidlaganingizdan so‘ng buzmang. Zero, Allohni o‘zingizga kafil qilgansiz! Albatta, Alloh nima qilayotganingizni bilur” (Nahl surasi, 91-oyat).
وَأَوْفُوا بِالْعَهْدِ ۖ إِنَّ الْعَهْدَ كَانَ مَسْئُولًا
“Ahdga vafo qiling. Albatta, ahd (qiyomatda) so‘raladigan narsadir” (Isro surasi, 34-oyat).
Shariatda qasam Allohning ismi yoki sifatlaridan biri bilan so‘zni quvvatlashdir. Qasam ichuvchi kishi o‘zining rostgo‘yligini bildirish yoki biror ishni qilishga o‘zini undash yoxud undan tiyilish maqsadida qasam ichadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
لَا يُؤَاخِذُكُمُ اللَّهُ بِاللَّغْوِ فِي أَيْمَانِكُمْ وَلَٰكِنْ يُؤَاخِذُكُم بِمَا عَقَّدتُّمُ الْأَيْمَانَ ۖ
“Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz uchun tutmas (jazolamas). Lekin qasd bilan tukkan (ichgan) qasamlaringiz uchun javobgar qilur” (Moida surasi, 89-oyat).
Nazr esa insonning o‘ziga biror maqsad bilan asli vojib bo‘lmagan amalni vojib qilib olishidir. Nazr mutloq (hech qanday shartga bog‘lanmagan) va muqayyad (biror shartga bog‘langan) turlarga bo‘linadi. Alloh taolo bunday deydi:
وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ نَفَقَةٍ أَوْ نَذَرْتُمْ مِنْ نَذْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ يَعْلَمُهُ
“Qanday sadaqa qilsangiz yoki qanday nazr qilsangiz, albatta, Alloh uni bilur” (Baqara surasi, 270-oyat).
Qasamda ham, nazrda ham asosan ishni ta’kidlash qasd qilinadi, lekin ular o‘rtasida bir necha farqlar bor. Birinchisi nazr deb Alloh uchun qat’iy bir ishni zimmasiga yuklashga aytiladi.
Nazr qiluvchi Robbisiga yaqinlashish va savob olish maqsadida Alloh uchun toatni ya’ni ibodatni zimmasiga lozim qilib oladi. Masalan: “Alloh uchun sadaqa qilish zimmamda bo‘lsin” yoki “Bir oy ro‘za tutishni nazr qildim”, deb niyat qiladi. Qasam esa Allohning ismlari bilan bog‘lanadi va faqat bir ishni qilish yoki qilmaslikni ta’kidlashni iroda qiladi. Qasam “Vallohi”, “Tallohi”, “Billahi” kabi lafzlar hamda “Qasam ichaman”, “Guvohlik beraman” degan so‘zlar bilan aytiladi. Demak, nazr Alloh uchun, qasam esa Alloh nomi bilan bog‘lanadi.
Ikkinchisi inson hech bir ishga bog‘lamasdan mutloq nazr qilsa yoki bir hojati ravo bo‘lishi uchun nazr qilsa-yu, niyati amalga oshsa, endi nazriga vafo qilishi shart bo‘ladi, bu kafforat bilan yechilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga itoat qilishni nazr qilgan bo‘lsa, itoat qilsin. Kim Allohga osiy bo‘lishni nazr qilgan bo‘lsa, unga osiylik qilmasin”, deganlar. Ammo nazr qiluvchi biror shartga bog‘liq qilib nazr qilsa-yu, uni bajarishni iroda qilmasa (masalan, “falon gunohni qilsam, masjid quraman” desa), shart topilganda ixtiyor o‘zida: xohlasa nazrini bajaradi, xohlasa kafforat beradi. Qasamda esa, qasam buzilsa kafforat o‘tash bilan ahd yechiladi. Alloh taolo bu haqda:
قَدْ فَرَضَ اللَّهُ لَكُمْ تَحِلَّةَ أَيْمَانِكُمْ ۚ وَاللَّهُ مَوْلَاكُمْ ۖ وَهُوَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ
“Albatta, Alloh sizlarga qasamlaringizni yechish (kafforatini ado etish) yo‘lini belgilab qo‘ygan. Alloh sizlarning Mavloyingizdir. U Biluvchi va Hikmat egasidir”, deb marhamat qilgan (Tahrim surasi, 2-oyat).
Demak, nazrda ko‘pincha amalni ado etish talab qilinsa, qasamni kafforat bilan yechish imkoni bor.
Uchinchisi qasam odatda vojib va sunnat ishlarda ham ichilaveradi. Lekin bunday ishlarda nazr qilish makruhdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarib: “Bu yaxshilik olib kelmaydi, u bilan faqat baxil kishidan mol chiqarib olinadi, xolos”, deganlar. Ya’ni nazr baxilni xayr-ehson qilishga majburlaydigan vosita bo‘lib qolishi mumkin. Shuningdek, vojib ishlarga nazr qilish joiz emas ekan.
To‘rtinchisi nazrga vafo qilish vojib bo‘lgan amaldir. Qasamga vafo qilish esa bunday emas, ya’ni kishi qasamini buzib, kafforatini o‘tasa ham bo‘laveradi. Nazrning kafforoti qasamning kafforoti bilan bir xildir.
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Nazrning kafforoti xuddi qasamning kafforotidekdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Demak, nazrini bajara olmagan kishi o‘n nafar miskinni taomlantiradi yoki kiyintiradi. Agar bunga qodir bo‘lmasa, uch kun ketma-ket ro‘za tutadi.
Nazr qilingan ish vojib bo‘lishi uchun uchta shart jamlanishi lozim:
Nazr qilingan amal namoz yoki ro‘za kabi vojib jinsidan bo‘lishi kerak. Shuning uchun bemor ziyoratini nazr qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Nazr qilingan ish “maqsudan lizatihi” (ya’ni o‘zi mustaqil ibodat sifatida qasd qilingan amal) bo‘lishi kerak. U namozga erishish uchun tahorat olish kabi “vasila” (ya’ni vosita) bo‘lmasligi lozim.
Nazr qilingan ish nazrdan oldin vojib (farz) bo‘lmasligi kerak. Shundoq ham farz bo‘lgan besh vaqt namozni nazr qilish durust emas.
Alloh taolo barchamizni ahdiga vafo qiladigan ixlosli bandalaridan qilsin.
Madina TOSHBOYEVA,
Toshkent islom instituti 3-kurs talabasi