frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ka’baga ismini muhrlagan xattot

27.10.2025   61321   3 min.
Ka’baga ismini muhrlagan xattot

Har kuni dunyo bo‘ylab millionlab musulmonlar Ka’baga nazar tashlar ekan, yopinchig‘ini bezab turgan oltin harfli yozuvlar ortida bir insonning amaliy merosi mujassam ekanligini bilavermaydi.

U kishi – Ka’ba yopinchig‘ini bezashga umrini bag‘ishlagan mashhur xattot Abdurahim Amin Buxoriydir.

Uning nomi, garchi Saudiyadan tashqarida unchalik mashhur bo‘lmasa-da, Ka’bani yopib turgan matoda abadiy yashab kelmoqda.

Ota-bobosi asli namanganlik bo‘lgan Abdurahim Amin Buxoriy 1917 yilda Makkada dunyoga kelgan. Bolaligidanoq xattotlikka qiziqib, yosh bo‘lishiga qaramay yuksak mahorati bilan tanildi. Podshoh Abdulaziz tomonidan 1927 yilda tashkil etilgan Kisva fabrikasida 15 yoshida ish boshladi va shu yerda xattotlik san’atining nozik jihatlarini o‘rgandi. 1930-yillarda bosh texnik, keyinchalik, 1960-yillarda fabrika rahbarining o‘rinbosari lavozimida mehnat qildi.

Har yili yangilanadigan kisva qora ipak matodan tayyorlanib, unga Allohning kalomi oltin va kumush iplar bilan yoziladi. Abdurahim Amin Buxoriy mana shu sharafli vazifani o‘nlab yillar davomida bajardi. Uning “sulus” uslubidagi xati Ka’baning oltin yozuvli kamari – “hizam” uchun asosiy namunaga aylandi. Bugun ham u yozgan namuna asosida Kisva tikiladi. 658 kvadrat metrlik kisva 670 kg ipakdan tayyorlangan bo‘lib, maxsus dastgohlar yordamida bir-biriga tikilgan 47 qismdan iborat.

1944 yilda podshoh Abdulaziz Ka’ba uchun yangi eshik yasashni buyurdi. Eshikdagi yozuvlarni bitish ham aynan Abdurahim Aminga nasib etdi va 1947 yilda Ka’baga o‘rnatilgan yangi eshik Islom san’atining yuksak namunasiga aylandi. Keyinroq, 1979 yilda o‘rnatilgan hozirgi eshikda ham uning xattotlik ishlari aks etgan.

Abdurahim Amin Buxoriy mashhurlikdan yiroq, kamtar va fidokor inson edi. Saudiya Arabistoni Qirollik bayrog‘i uchun yozuv namunasini ham, Madinadagi Ravza pardasi va ko‘plab masjid bezaklarini ham Abdurahim Amin ishlagan.

Qirol Faysal uning xizmatlarini e’tirof etib, Abdurahim Amin Buxoriy ismini Kisvaga yozdirdi va bu sharafli in’om hanuz saqlanib turibdi.

Abdurahim Amin Buxoriy 1990-yillar oxirida vafot etgan bo‘lsa-da, uning san’ati har yili Ka’baga yangi Kisva osilishi bilan yana qayta akslanadi. Uning qalamidan chiqqan har bir yozuv go‘zallikka xizmat qiladi. Bugun har bir ziyoratchi Ka’baga qaraganda, aynan Buxoriy yozgan yozuvlarga nazar tashlaydi – bu esa uning Alloh kalomini go‘zal shaklda bitishga bag‘ishlagan umrining dalilidir.

T.Azimov tayyorladi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bayram shukuhi xonadonlarga kirib boryapti

19.08.2026   7636   1 min.
Bayram shukuhi xonadonlarga kirib boryapti

Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.

 

Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.

Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!

Toshkent shahar vakilligi

Matbuot xizmati

Bayram shukuhi xonadonlarga kirib boryapti Bayram shukuhi xonadonlarga kirib boryapti Bayram shukuhi xonadonlarga kirib boryapti Bayram shukuhi xonadonlarga kirib boryapti Bayram shukuhi xonadonlarga kirib boryapti Bayram shukuhi xonadonlarga kirib boryapti
O'zbekiston yangiliklari