Ayni paytda navbatdagi guruh ziyoratchilarimiz Makkai mukarramada Ka’batulloh tavofi, besh vaqt va nafal namozlar bilan bir qatorda Arafot, Nur, Savr tog‘lari hamda Mino, Muzdalifa vodiylari kabi muborak qadamjolar ziyorati bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.
Xuddi shunday Madinai munavvarada ham hamyurtlarimiz Uhud tog‘i va Qubo masjidlari ziyorati bilan birga Ravzai sharif ziyorati, Masjidun Nabaviyda kundalik va nafl namozlarni ado etishda bardavom bo‘lishgan edi.
Allohning mehmonlari safar davomida ehtirom qilinmoqda. Ziyoratchilarni O‘zbekistondan muborak diyorga kuzatish, Jidda aeroporti va Madinadagi 5 yulduzli Pulman Zam-zam hamda Makkai mukarramadagi Al-Ayyam elit mehmonxonalarida munosib kutib olinmoqda.
Alloh taolo ziyoratchilarimizning ibodatlarini qabul etsin, barchamizga Baytulloh yonida duo qilish nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Germaniyalik islomshunos olima, “Cultur-Cooperation International e.V.” tashkiloti rahbari Ketlin Gyobel I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumidagi ishtiroki bo‘yicha taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Olimaning ta’kidlashicha, dunyoning 50 ta mamlakatidan kelgan yetakchi olimlar, ekspertlar va jamoat arboblarini birlashtirgan ushbu nufuzli anjuman turli davlatlar va ilmiy maktablar vakillari uchun o‘zaro hurmat, ochiq muloqot va hamjihatlik maydoniga aylandi.
Germaniyalik mutaxassis O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’rifiy merosiga yuqori baho berib, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdi.
Xususan, Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy muzey va sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilgani unda katta taassurot qoldirgan.
Ketlin Gyobel O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan “Jaholatga qarshi — ma’rifat” ezgu g‘oyasining ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Uning fikricha, Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy, balki butun mintaqa va xalqaro hamjamiyat uchun ochiq bo‘lgan, islomofobiya va adovatga qarshi bilim va ma’rifat bilan kurashadigan noyob platformadir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati