Ayni paytda navbatdagi guruh ziyoratchilarimiz Makkai mukarramada Ka’batulloh tavofi, besh vaqt va nafal namozlar bilan bir qatorda Arafot, Nur, Savr tog‘lari hamda Mino, Muzdalifa vodiylari kabi muborak qadamjolar ziyorati bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.
Xuddi shunday Madinai munavvarada ham hamyurtlarimiz Uhud tog‘i va Qubo masjidlari ziyorati bilan birga Ravzai sharif ziyorati, Masjidun Nabaviyda kundalik va nafl namozlarni ado etishda bardavom bo‘lishgan edi.
Allohning mehmonlari safar davomida ehtirom qilinmoqda. Ziyoratchilarni O‘zbekistondan muborak diyorga kuzatish, Jidda aeroporti va Madinadagi 5 yulduzli Pulman Zam-zam hamda Makkai mukarramadagi Al-Ayyam elit mehmonxonalarida munosib kutib olinmoqda.
Alloh taolo ziyoratchilarimizning ibodatlarini qabul etsin, barchamizga Baytulloh yonida duo qilish nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbuslari bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati va qoziyotga qarashli barcha masjid imom-xatiblari tomonidan nuroniy keksalar, mehnat faxriylari hamda yordamga muhtoj oilalarning holidan xabar olindi. Tadbir doirasida muhtoj oilalarning turmushini yengillashtirish maqsadida bir oilaga zamonaviy quyosh paneli o‘rnatib berilib, qo‘shimcha bayram sovg‘alari topshirildi. Bunday xayriya tashabbuslari jamiyatda o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti