O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan chet eldagi vatandoshlar bilan uchrashish va ularning taklif va istaklarini inobatga olgan holda turli davlatlar qatori ulamolarni AQSH safariga jo‘natish an’anaga aylangan.
Jumladan, bugun 28 oktyabr kuni "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum xizmat safari bilan mazkur davlatga yo‘l oldi.
Safar asnosida AQSHda istiqomat qilayotgan hamyurtlarimizning Qur’on va tajvid borasidagi ilmlarini oshirish va mazkur davlatda bo‘lib o‘tayotgan Qur’oni karim musobaqasining final bosqichida ishtirok etish rejalashtirilgan.
Alloh taolo ushbu safarni manfaatli va bexatar qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati