Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Bir hadis o‘qib qoldim. Unda Baqara surasini “ushlash” baraka degan jumla bor ekan. “Ushlash” so‘zini qanday tushunamiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Baqara surasining fazilati haqida bir qancha hadisi shariflar kelgan. Shulardan birini imom Muslim rahimahulloh Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. U hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni o‘qinglar. Chunki u qiyomat kuni o‘z ahli uchun shafoatchi bo‘ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara va Oli Imron suralarini o‘qinglar. Zero, bu ikkisi qiyomat kuni ikki bulut yoki bir guruh saf-saf qushlar shaklida kelib, o‘z sohiblarining hojatini ravo qiladi. Baqara surasini o‘qinglar. Uni ushlash baraka, tark etish esa hasratdir. Unga sehrgarlar qodir bo‘la olmaslar”, deganlar.
Mazkur hadisni sharhlagan Mulla Ali Qori rahimahulloh hadisda kelgan “ushlash” so‘zidan murod mazkur suraning tilovatida bardavom bo‘lish, ma’nolarini tadabbur (tafakkur) qilish va unda kelgan hukmlarga amal qilishdir, ana shunda xayru baraka, ulkan foydalar bo‘ladi, deganlar.
Ushbu hadisi sharifdan Baqara surasi fazilati ulug‘ sura ekani, uni o‘qib-amal qilish ulkan baraka ekani, uni tilovat qilib yurganlarga sehr-jodu ta’sir qilmasligi ayon bo‘lmoqda. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirokida Andijon viloyati imom-xatiblarining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.
Majlisda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar sarhisob qilindi. Xususan, mo‘min-musulmonlar toat-ibodat qilishi uchun keng imkoniyatlar berilgani, yuzlab yangi jome masjidlar ochilgani, madrasalar ta’sis etilgani, Qur’oni karim kurslari ishlayotgani, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani va soha xodimlari har jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotganiga urg‘u qaratildi.
Mana shunday xayrli o‘zgarishlar Andijon viloyati misolida ham o‘z ifodasini topib, joriy yilda ikkita yangi masjid ochilishi, namozxonlar ehtiyojlarini ta’minlash yo‘lida samarali ishlar qilinishi, oliy ma’lumotli imomlar salmog‘i oshishi, xorijda kasb-mahoratini oshirish yo‘lga qo‘yilishi, targ‘ibot ishlari kengayishi va xayriya ishlari ko‘lami ortishi kabilar qayd etildi.
Yig‘ilishda diniy soha xodimlari oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Xususan, yoshlar e’tiqodini mustahkamlash maqsadida manzilli ishlash, jamoat namozlarida qavm bilan bo‘ladigan ma’rifiy suhbatlar ta’sirchanligini oshirish, xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan muloqot o‘rnatish, ularni Fatvo markazining ishonchli manbalariga yo‘naltirish kabi vazifalar alohida ta’kidlandi.
Muftiy hazratlari imom-domlalarni shariat xodimi sifatida mehrob va minbar mas’uliyatini qalban his etishga, qavmning ilmu ma’rifati va toat-ibodati yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga chaqirdilar.
Masjidlarda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, namozxonlar uchun qulay sharoitlar hozirlash va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir so‘ngida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati