1447/2026 yilgi haj mavsumida xizmat ko‘rsatishni maqsad qilgan umumiy ovqatlanish muassasalarini Makka hokimiyati ro‘yxatga olishni boshladi.
Ro‘yxatga olish jarayoni oktyabr oyining oxirlarida boshlandi — bu esa kelgusi yilgi haj mavsumiga tayyorgarlik rasman yo‘lga qo‘yilganini anglatadi.
Makka hokimiyati ziyorat mavsumi davomida muqaddas shahar hududidagi barcha ovqatlanish faoliyatini nazorat qiladi.
Barcha muassasalardan sog‘liq va sifat standartlariga qat’iy rioya qilish talab etiladi.
Ro‘yxatdan o‘tgan pudratchilar va "ketring" firmalari haj mavsumi boshlangunga qadar o‘z ishlarini rejalashtirish, ta’minot manbalari va xodimlarni o‘qitish uchun yetarli vaqtga ega bo‘ladilar.
T.Azimov tayyorladi
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilari Misrdagi Al-Azhar xalqaro imom va voizlar tayyorlash akademiyasida malaka oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Delegatsiya a’zolari ikki haftalik o‘quv dasturi davomida misrlik islomshunos olimlar bilan arab tilini o‘rganish, ta’lim tizimida innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish, islomshunoslik yo‘nalishidagi yangi yondashuvlar va ko‘nikmalar xususida fikr-mulohazalar almashdi.
Malaka oshirish kurslari doirasida Al-Azharda faoliyat yurituvchi taniqli imomlar tomonidan ma’ruzalar tashkil etildi. Xususan, professor Ahmad at-Tayyib turli mamlakatlardan kelgan ulamolar, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro ilmiy-akademik hamkorlikni mustahkamlash borasida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Dastur davomida arab tilini o‘qitishning zamonaviy strategiyalari, ilg‘or pedagogik yondashuvlar va til ko‘nikmalarini amaliyotga samarali tatbiq etish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar hamda seminarlar ham o‘tkazildi.
O‘quv dasturi so‘nggida Al-Azhar xalqaro akademiyasi prezidenti, professor Hasan as-Sag‘ir hamda O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakili tinglovchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi va faolligini yuqori baholab, ushbu kurs xalqaro miqyosda ilmiy va da’vat salohiyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda kurs davomida tayyorlangan eng yaxshi amaliy loyihalar mualliflari alohida e’tirof etildi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilariga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati