Hatim yoki boshqacha nomi Hijri Ismoil, Makka shahridagi Masjidi Haramda joylashgan yarim oy shaklidagi hudud bo‘lib, Qa’baning bir qismi hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning yigitlik davrida Ka’ba qayta qurilganda, mablag‘ yetmay qoladi va Ka’ba poydevori avvalgi holatida kichik qilib tiklanadi. Hozirda o‘sha qurilmay qolgan joy, odam bo‘yi qadar yarim doira shaklida devor bilan o‘rab qo‘yilgan.
Hatim ham Ka’ba tarkibiga kiradi, u yerda o‘qilgan namoz Ka’ba ichida ibodat qilgandek bir xil. Shuning uchun ham ziyoratchilar Hatimda namoz o‘qishga intiladilar.
Hatim hududiga kirish erkaklar va ayollar uchun alohida vaqtlarda tashkil etilgan bo‘lib, ziyoratchilarning tartibli va xotirjam ibodat qilishi ta’minlangan.
Erkaklar uchun namoz vaqtlari, tunda: 22:00 dan 02:00 gacha.
Erkaklar Hatimda kechki payt soat 22:00 dan 02:00 gacha namoz o‘qishlari mumkin. Bu vaqtlarda gavjumlik nisbatan kam bo‘ladi.
Ayollar uchun namoz vaqtlari, kunduzi: 07:30 dan 11:00 gacha.
Ayollarga Hatimda namoz o‘qish uchun maxsus vaqt, soat 07:30 dan 11:00 gacha.
Ziyoratchilar Hatim hududiga g‘arbiy tomondagi eshikdan kiradilar. Hatimda 10 daqiqa bo‘lish tavsiya etiladi.
Hatim Ibrohim va Ismoil alayhumussalom tomonidan qurilgan ilk Ka’ba binosidan bir qismi sifatida qadrlanadi. U yerda namoz o‘qish savobli amal hisoblanadi va ko‘plab hojilar hamda umra ziyoratchilari Hatimga kirib ibodat qilishga intiladilar.
Ba’zi paytlarda tozalash yoki texnik sabablarga ko‘ra vaqtlarda kichik o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Ziyoratga borayotganlar Hatimga kirish vaqtlari haqidagi so‘nggi ma’lumotlarni oldindan tekshirib olishlari tavsiya etiladi.
T.Azimov
tayyorladi
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati