Shu yil 5 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Obid Qodirov, Idora bo‘lim boshliqlari Islomiddin domla Zuhriddinov va Muzaffar domla Kamolovlar Buxoro viloyatida bo‘lib, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan targ‘ibot ishlarida ishtirok etishdi.
Dastlab soha mas’ullari Mir Arab oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va Jo‘ybori Kalon ayol-qizlar o‘rta maxsus islom yurtida talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ularga Buxoro viloyati bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, ta’lim muassasalari rahbarlari hamrohlik qildilar.
Yig‘ilishda diniy ta’limni takomillashtirish, yoshlarni sof e’tiqod va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalash, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash va malaka ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, talabalar bilan ochiq muloqotda ularning fikr va takliflari tinglandi. Zayniddin domla Eshonqulov yoshlarni ilmga intilish, vatanparvarlik va axloqiy poklikka chorladi.
Safar davomida soha mas’ullari viloyatda faoliyat yuritayotgan masjid imom-xatiblari va otinoyilar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda masjidlarda diniy-ma’rifiy faoliyatni rivojlantirish, jamoatchilik bilan samarali muloqotni tashkil etish, yoshlarni sof e’tiqod va ma’naviy poklik ruhida tarbiyalash hamda imom-xatiblar va otinoyilar malakasini yanada yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, G‘ijduvon tumanida o‘tkaziladigan “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasidagi “Sayyor qabul” bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berilib, ishchi guruh tomonidan topshiriq va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati