Shu yil 5 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Obid Qodirov, Idora bo‘lim boshliqlari Islomiddin domla Zuhriddinov va Muzaffar domla Kamolovlar Buxoro viloyatida bo‘lib, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan targ‘ibot ishlarida ishtirok etishdi.
Dastlab soha mas’ullari Mir Arab oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va Jo‘ybori Kalon ayol-qizlar o‘rta maxsus islom yurtida talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ularga Buxoro viloyati bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, ta’lim muassasalari rahbarlari hamrohlik qildilar.
Yig‘ilishda diniy ta’limni takomillashtirish, yoshlarni sof e’tiqod va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalash, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash va malaka ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, talabalar bilan ochiq muloqotda ularning fikr va takliflari tinglandi. Zayniddin domla Eshonqulov yoshlarni ilmga intilish, vatanparvarlik va axloqiy poklikka chorladi.
Safar davomida soha mas’ullari viloyatda faoliyat yuritayotgan masjid imom-xatiblari va otinoyilar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda masjidlarda diniy-ma’rifiy faoliyatni rivojlantirish, jamoatchilik bilan samarali muloqotni tashkil etish, yoshlarni sof e’tiqod va ma’naviy poklik ruhida tarbiyalash hamda imom-xatiblar va otinoyilar malakasini yanada yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, G‘ijduvon tumanida o‘tkaziladigan “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasidagi “Sayyor qabul” bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berilib, ishchi guruh tomonidan topshiriq va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Britaniyalik taniqli tarixchi va teleboshlovchi Bettani Xyuz bilan hamkorlikda tasvirga olingan “O‘zbekiston xazinalari” nomli hujjatli film dunyo bo‘ylab keng namoyish etilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mazkur film joriy yilning 27 avgust kuni “BBC SELECT” platformasi orqali AQSH va Kanadada efirga uzatildi.
Bunga qadar ushbu loyiha Britaniyaning nufuzli “Channel 4” hamda Avstraliyaning “SBS” telekanallari orqali namoyish etilib, millionlab tomoshabinlar e’tiborini qozondi.
Film O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi, me’morchiligi hamda boy sayyohlik salohiyatini xalqaro auditoriyaga keng tanitishga munosib hissa qo‘shdi.
Ushbu loyiha mamlakatimizning betakror turistik maskanlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlarda yurtimizga nisbatan alohida qiziqish uyg‘otishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, boy tarix va madaniyatga qiziquvchi sayyohlar uchun O‘zbekistonning madaniy merosi asosiy jozibador omil sifatida gavdalanmoqda.
Shu kabi xalqaro medialoyihalar xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini oshirish, turistik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda O‘zbekistonni jahonning eng jozibador va xavfsiz sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga katta hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati