Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, Haj va umra bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy kabi soha mas’ullari “Haj–2026” mavsumida hamyurtlarimiz istiqomat qilishi ko‘zda tutilgan mehmonxonalarni atroflicha o‘rganmoqdalar.
Sharoit va qulayliklar tahlil qilinmoqda
Mehmonxonalarni ko‘zdan kechirish jarayonida binolarning umumiy imkoniyatlari va ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklar sinchiklab o‘rganildi. Jumladan:
– Foyelarning kengligi va harakatlanish qulayligi;
– Liftlar soni va kengligi;
– Xonalardagi sharoit, o‘rinlar soni va jihozlar holati;
– Oshxona sig‘imi, tibbiyot va ishchi guruhlari uchun ajratilgan xonalar — barchasiga alohida e’tibor qaratildi.
Har bir xona — ziyoratchi qulayligi uchun
O‘rganish chog‘ida har bir xonada yuklar joylashtirish va harakatlanish uchun yetarli joy mavjudligi, yuvinish xonalari, kiyim javonlari, yozuv stoli, televizor, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz va Qur’oni karim bilan ta’minlangani, shuningdek, sanitariya va gigiyena talablariga to‘liq rioya etilganiga e’tibor berildi.
Joylashuv qulayligi ham baholandi
Mehmonxonalarning Harami sharif, Mino, Arafot kabi haj arkonlari ado etiladigan muqaddas hududlarga yaqinligi hamda transport qatnovining qulayligi delegatsiya diqqat markazida bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida mutasaddilar tomonidan Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining hamkorlik talablarini inobatga olgan holda, ushbu tartib-qoidalarga alohida e’tibor qaratish ta’kidlab o‘tildi.
“Haj – 2026” mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarning huzurlanib, xotirjam ibodat etishlari uchun amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari — Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri — oliy qadriyat” tamoyili hayotga izchil tatbiq etilayotganining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
«Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan diniy-ma’rifiy nashrlar targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Surxondaryo viloyati diniy soha xodimlarini rag‘batlantirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda «Hidoyat», «Mo‘minalar» jurnallari va «Islom nuri» gazetasining 2026 yilgi obuna mavsumida faollik va fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh soha vakillari e’tirof etilib, ularga nashriyotning tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Surxonmuslim.uz