1975 yilda Fir’avn Ramzes IIning qabri topilganidan beri, olimlarni bir savol hayratga solmoqda. 3000 yildan ortiq vaqt ilgari halok bo‘lgan jasad qanday qilib bugungi kungacha bu qadar yaxshi holda saqlanib qolgan?
Bu savol bilan qiziqqanlar orasida fransiyalik mashhur tadqiqotchi doktor Moris Byukay ham bor. Fir’avnning jasadi ilmiy tadqiqot uchun Fransiyaga yuborildi. Ko‘plab tahlil va tekshiruvlardan so‘ng, doktor Moris Byukay Fir’avn jasadidan topilgan tuz zarralari uning dengizda halok bo‘lganiga ochiq dalil ekanligini aniqladi.
Qur’on bu haqiqatni 1400 yil avval bayon etgan edi. Fir’avn dengizda g‘arq bo‘lgani va uning jasadi Alloh taolo tomonidan saqlanishi haqida xabar bergan.
Matto va Luko injillarida faqat Fir’avnning hazrat Muso alayhissalomni quvgani haqida so‘zlaydi, ammo uning dengizda halok bo‘lishi yoki jasadining saqlanishi haqida hech narsa aytilmagan.
Shu haqiqatni anglaganidan so‘ng, doktor Moris Byukay Islomni qabul qildi.
Shuningdek, Britaniya muzeyining “Qadimgi Misr” bo‘limida YEA32751 inventar raqami ostida mo‘miyolanmagan, yoshi 3000 yillarga teng deya taxmin qilingan sajda holatidagi qadimiy jasad saqlanadi.
Ayrim manbalarga ko‘ra bu jasad Ramzes Ikkinchining o‘g‘li Merneptaxga (er. av. 1212-1202-y.) tegishli deb qaraladi. Chunki tarixiy ma’lumotlar Qur’onda tilga olinganidek yahudiylarning Misrdan quvg‘in qilinishi aynan ushbu Fir’avn davriga to‘g‘ri kelishini tasdiqlaydi.
Bugungi kunda Fir’avnning dengizda halok bo‘lib, minglab yillar o‘tsa-da, jasadining saqlanib qolgani — Alloh taoloning ulug‘ qudrati va oyatlaridan biridir. Bu haqda Qur’oni Karimning “Yunus” surasi, 90–92-oyatlarida bunday deyilgan:
“Va Bani Isroilni dengizdan o‘tkazdik. Bas, Fir’avn va uning askarlari haddan oshgan va tug‘yon qilgan holda ularni ta’qib etdilar. Toki unga g‘arq bo‘lish yetganida: “Bani Isroil iymon keltirgan zotdan o‘zga iloh yo‘qligiga iymon keltirdim va men musulmonlardanman”, dedi. Endimi! Oldin isyon qilgan va buzg‘unchilardan bo‘lgan eding-ku?! Bugun sening badaningni qutqaramiz. Toki o‘zingdan keyingilarga ibrat bo‘lgin. Albatta, ko‘p odamlar Bizning oyatlarimizdan g‘ofildirlar”.
Haqiqatdan ham, Qur’on Fir’avnning jasadi saqlanib qolishini oldindan xabar bergan va bugungi kunda uning mumiyasi Qohira shahridagi Misr Qirollik mumiyolari muzeyida saqlanmoqda.
Po‘latxon KATTAYEV,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, yosh diniy soha xodimlari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, yosh imomlarga quyidagi yo‘nalishlarda muhim tavsiyalar berildi:
Aholi va jamoatchilik bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish;
Ta’sirchan va mazmunli ma’ruzalar tayyorlash hamda voizlik odobiga rioya qilish;
Masjidlar faoliyatini zamon talablari darajasida to‘g‘ri tashkil etish.
Muloqotda yosh diniy soha vakillarining jamiyatda tutgan o‘rni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, sof ma’rifat va ezgulik ruhida tarbiyalashdagi mas’uliyati yuqori ekani ta’kidlandi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Tadbir yakunida yosh mutaxassislar viloyat vakilligi va soha mutasaddilarining ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati