Shu yil 6 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov YUNISЕFning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi mintaqaviy maslahatchisi Luka Solimeo va tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Dastlab Homidjon domla mehmonlarni tashrif bilan qutlar ekan, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari safarda ekanligini ma’lum qilib, ularning samimiy salomlarini yetkazdi. Shuningdek, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlar, diyorimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinch-totuv va hamjihatlikda yashab kelayotgani haqida so‘zlab, Diniy idora faoliyat yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
O‘z navbatida Luka Solimeo janoblari samimiy qabul va kerakli ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u o‘z so‘zi davomida xalqaro tashkilot faoliyatida Diniy idoralar bilan hamkorlik alohida o‘rni borligi, ayniqsa, ijtimoiy munosabatlar va fatvo masalasi ahamiyatli ekani ta’kidladi.
Luka Solimeo YUNISЕF faoliyati haqida ma’lumot berar ekan, tashkilot xalqaro loyihalarni amalga oshirishda har bir davlatga alohida yondashishi, mahalliy aholi tarixi, kelib chiqishi, qiziqishlariga qaragan holda xalqaro tajribalarni moslashtirishi, bunda o‘rganish bilan amaliy ishlarni baravar olib borishi kabi jihatlar haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuv davomida tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Diniy idora mas’ul vakillari o‘z fikr-mulohazalarini bayon etib, o‘zaro hamkorlik aloqalari 2018 yildagi uch tomonlama memarandum asosida olib borilayotgani, 2021-2025 yillarda ushbu yo‘nalishdagi aloqalar yuqori darajaga ko‘tarilgani, ayni paytda kelgusi 4 yillik rejalari ishlab chiqilayotgani haqida ma’lumot berishdi.
Mazkur uchrashuv Diniy idora va xalqaro tashkilotlar hamkorligining yangi, samarali bosqichi sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati