Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi bilan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq O‘zbekiston musulmonlari idorasi fondida saqlanayotgan asarlarning elektron katalogini tuzish bo‘yicha amaliy tadqiqot loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Toshkent islom instituti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston milliy arxividagi yetuk ilmiy malaka va salohiyatga ega bo‘lgan 15 nafar mutaxassis jalb qilingan.
2025 yilning 1 oktyabridan O‘zbekiston musulmonlar idorasida loyiha doirasidagi amaliy ishlar boshlandi. Grant loyiha doirasida ikki yil davomida O‘zbekiston musulmonlar idorasi kutubxonasi fondida saqlanayotgan 3 065 jild asarlar majmuasining uch tildagi (o‘zbek, ingliz va arab tillari) elektron katalogi yaratiladi. Shuningdek, fonddagi asarlarning elektron katalogi yaratilishi bilan bir qatorda bir qancha ilmiy ishlar ham bajarilishi ko‘zda tutilgan.
Yuqorida zikr etilgan ishlarni samarali tashkil etish maqsadida 2025 yil 6 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlar idorasida loyiha ishtirokchilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Kutubxona bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Mahkamov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov va boshqalar ishtirok etdi.
Majlisda loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar doirasida e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.
10 oktyabr kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida loyiha doirasida seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qo‘lyozmalar instituti bo‘lim boshlig‘i Hamidulla Lutfillayev asarlarning elektron katalogini tuzish jarayonida manbalar bilan ishlashda mutaxassis e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar borasida ishtirokchilarga ma’ruza qilib berdi. Shuningdek, mutaxassislar o‘zaro fikr almashishdi.
Joriy yilning 14 oktyabridan e’tiboran loyihaga jalb etilgan mutaxassislar O‘zbekiston musulmonlari idorasi fondida saqlanayotgan manbalar katalogini tuzish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlab yuborishgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati