Ijara haqini o‘z vaqtida to‘lolmaganingiz uchun bor budingiz, bolalaringiz bilan ko‘chaga haydalganmisiz?
Ba’zi-ba’zida uy topolmay ko‘chalarda, bekatlarda yotib qolganmisiz?
Farzandlaringiz «qachon bizning ham uyimiz bo‘ladi», deya sovol berganida qanday javob berishni bilmay, ularning ko‘ziga qarashga botinolmay qolgan paytlaringiz bo‘lganmi?
Bugun sizga aytmoqchi bo‘layotgan bu oila, bu ona bunday kunlarni ko‘p bora boshidan o‘tkazgan. Turmush o‘rtog‘i uch nafar qizi bilan tashlab ketganidan keyin ona ne-ne qiyinchiliklarni ko‘rmadi deysiz? Qishning qirovli kunlarida, yozning jaziramalarida bir xonali bo‘lsada uyimiz, boshpanamiz bo‘lsaydi, deya orzu qilishdi. Allohga hamd bo‘lsinki, bugun o‘sha kunlar ortda qoldi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondining Buxoro viloyati filiali tomonidan mazkur oilaga e’tibor qaratilib, har tomonlama yordam ko‘rsatilishi belgilandi. Birinchi o‘rinda oilaning uy-joyga muhtojligi hisobga olinib, ko‘p qavatli uydan ta’mirlangan yashashga tayyor bir kvartira ajratildi. «Vaqf» fondi balansida bo‘lgan ushbu uy ona va bolalarga bir umrga tekin foydalanishga berildi. Filial tomonidan oilaga zarur oziq-ovqat mahsulotlari ham topshirildi.
Bugundan boshlab hech kim bu uydan chiq, deb eshik tepib kelmaydi. Ona, ayniqsa bolalar juda xursand. Shunday uyni sovg‘a qilgani, xursandchilik ulashgani uchun «Vaqf» fondi va homiylarni duo qilishmoqda.
Aslida bu dunyo, mol-mulk hammamizdan qolib ketadi, azizlar! Hali ham nimanidir o‘zgartirish, kimgadir yordam qilish uchun juda ko‘p imkoniyatimiz bor. Faqat siz xohlasangiz, chin qalbdan istasangiz bo‘lgani.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
"Vaqf" fondi
Matbuot xizmati
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati