Yurtimizning barcha hududlarida millatlararo va dinlararo do‘stlik, ahillik, birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan turli tadbirlarni o‘zida jamlagan "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida Toshkent fotosuratlar uyida "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" nomli fotoko‘rgazma o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbariyati va xodimlari, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faollari, diniy konfessiya vakillari, OAV vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va din vakillarining turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari aks ettirilgan 100 dan ortiq asarlar namoyish etildi.
Ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik tamoyillari asosida yashab kelmoqda. Bag‘rikenglik haftaligi doirasidagi bunday tadbirlar esa, dunyo ahlini totuvlik va hamjihatlikka chorlovchi ezgu amallar sirasidandir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati