Bugun, 11 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Malayziyaning Tun Xusseyn Onn nomidagi davlat universiteti huzuridagi Islomshunoslik instituti rahbari Xairun Nizam boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Mehmonlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov qabul qildi va tashrif bilan qutlab, Diniy idora faoliyati, bo‘limlari, xususan, Ta’lim va ilmiy tadqiqotlar bo‘limi haqida aytib o‘tdi.
Mehmonlar so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, turizm va boshqa sohalarda bo‘layotgan yangilanishlarni e’tirof etib, Islom sivilizatsiyasi markazi, qayta bunyod etilib, yanada chiroy ochgan Imom Buxoriy majmuasi, Mir Arab, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va boshqa diniy oliy ta’lim maskanlari tashkil etilganidan mamnun bo‘lganliklarini aytib o‘tishdi.
Uchrashuvda ta’lim-fan, ilmiy tadqiqot ishlarida o‘zaro hamkorlik qilish, ilmiy-ma’rifiy tajriba almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish masalalari haqida so‘z bordi.
Yakunda tomonlar bir-birlariga muvaffaqiyat tilab, esdalik uchun suratga tushib, esdalik hadyalari almashishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati