Har bir shaxsda qadriyatga bo‘lgan tushuncha har xil bo‘lishi mumkin. Qadriyat – bu inson yoki biror guruh tomonidan muhim deb hisoblangan tushunchadir, u odamlarni bir-biridan farqlashga yordam beradi. Boshqa bir ta’rifga ko‘ra, qadriyat – bu abstrakt tushuncha bo‘lib, har bir insonning ichki dunyosiga singib ketgan, hayotdagi xatti-harakatlariga mezon bo‘luvchi, o‘zgarmas asosdir.
Vatanga sadoqat – bu har qanday inson uchun konstitutsiyaviy burchdir. Namunali fuqaro sifatida biz Vatanparvarlik tuyg‘usiga ega bo‘lishimiz shart. Shu boisdan, biz davlatimizni himoya qilishga tayyor bo‘lishimiz va u yo‘lda fidokorlik ko‘rsatishimiz kerak. Vatanga sadoqat deganda bizning yurtimizga bo‘lgan muhabbatimiz hamda jamiyat va davlat yo‘lida fidokorona xizmat qilish ruhiyati tushuniladi. Bu tushuncha ma’naviy jihatdan fuqarolarning mamlakat taraqqiyotiga faol hissa qo‘shishi, ijtimoiy va madaniy hayotda ishtirok etishi orqali ifodalanadi. Jismoniy jihatdan esa mamlakatga tahdid soluvchi tashqi tajovuzlarga qarshi mudofaa choralari sifatida qaraladi.
Ijtimoiy odob deganda insonning jamiyatda o‘zini to‘g‘ri tutishi, boshqalarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, axborotni to‘g‘ri va xolis tarqatishi tushuniladi. Bugungi kunda ba’zi foydalanuvchilar haqoratli izohlar yozish, yolg‘on ma’lumotlar tarqatish yoki boshqalarning shaxsiy hayotiga aralashish kabi holatlarga yo‘l qo‘ymoqda. Bu nafaqat odobsizlik, balki jamiyatda ishonch va madaniyatning pasayishiga sabab bo‘ladi.
Axborot olamida har bir so‘z, har bir xabar insonning ichki dunyosi va ma’naviyatini ko‘rsatadi. Shu bois internetdagi xatti-harakatlarimiz ham axloq me’yorlariga mos bo‘lishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirishda boshqalarni kamsitish yoki haqorat qilish emas, balki xurmat, mulohazalilik va insonparvarlik ustuvor bo‘lishi lozim.
Tadqiqotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdagi ijobiy xatti-harakatlar quyidagi beshta bosqichda namoyon bo‘ladi:
Foydalanuvchi kontentning mazmuniga e’tibor beradi.
Agar mazkur kontent foydali deb topilsa, u to‘liq o‘qiladi.
Foydalanuvchi ko‘rgan kontentning to‘g‘riligini tekshiradi.
Agar ishonch hosil qilinsa, foydalanuvchi uni hayotda qo‘llaydi.
Keyin ushbu kontentni boshqa foydalanuvchilar bilan bo‘lishadi.
Agar foydalanuvchilar ushbu qoidalarga rioya qilsalar, ular ijtimoiy tarmoqlarning barcha imkoniyatlaridan oqilona foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Agar radikal tusdagi kontent uchrasa, foydalanuvchilar “comment”, “post” yoki “block” funksiyalari orqali bunday kontentga e’tiroz bildirishlari mumkin. Bundan tashqari, ijobiy kontentlarni ulashish, milliy birlik va hamjihatlikni targ‘ib qilish, xalqni radikal g‘oyalardan ogoh qilish va jamiyatda radikallashuvga qarshi immunitetni shakllantirish orqali ijtimoiy tarmoqlardan radikalizmga qarshi kurashish vositasi sifatida foydalanish mumkin.
Shaxs o‘zida Vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirgach, u doimo rivojlanishni xohlaydi va qilayotgan harakatlari milliy mafkuraga zid bo‘lmaydi. Bunday inson radikal g‘oyalarning o‘z ongiga singib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun doimiy harakatda bo‘ladi. Raqamli davrda radikalizmga qarshi kurashning asosiy yo‘llaridan biri — bu raqamli savodxonlik orqali bo‘lishi mumkin. Xususan, O‘zbekiston aholisi uchun radikalizm kabi tahdidlarni bartaraf etish uchun raqamli savodxonlikka ega bo‘lish nihoyatda muhim. Raqamli savodxonlik degani faqatgina “internetni bilish” yoki uning funksiyalaridan foydalana olish emas, balki mavjud ma’lumotlarni tahlil qilish va saralash qobiliyatidir. Texnologiyaning keskin rivojlanishi bilan internetda tarqalayotgan ma’lumotlar ko‘payib ketdi va ular filtrlarsiz ommaga taqdim etilmoqda. Bunday holatda keng bilim asosida internetdan foydalanish foydalanuvchining o‘zini himoya qilishiga xizmat qiladi. Bu bilim internetda radikalizm, nafratga undov, kiberjinoyatlar, yolg‘on xabarlar (feyklar) va shunga o‘xshash xatarlarga qarshi immunitetdir.
ABDUVAXIDOV ABDULLAZIZ ABDUSATTOR O‘G‘LI,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.
Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.
Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:
Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati