Bugun, 12 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Diniy idorada bo‘lib o‘tgan tadbirda nishonni Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ulug‘bek Muhamedov topshirdi.
Ulug‘bek Muhamedov o‘z so‘zida davlatimiz Rahbari tashabbuslari asosida olib borilayotgan yangilanishlar va inson qadrini yuksaltirishdagi sa’y-harakatlarga hamohang tarzda sakkiz millionlik a’zosi bo‘lgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham samarali faoliyat olib borayotganini aytib o‘tdi. Ayni paytda, bu ishlarda diniy soha xodimlari ham faol ishtirok etayotgani davlat miqyosida e’tirof qilinayotgani, Muftiy hazratlari boshchiligida keyingi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar e’tirofining ramziy ifodasi o‘laroq O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham ushbu esdalik nishonni taqdim etayotganini ta’kidladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Muftiy hazratlarini esdalik nishoni va barchani kasaba uyushmasi xodimlari bayrami bilan qutladi. Shuningdek, diniy jabhaga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va e’tiroflarga javoban har bir soha xodimi yanada mas’uliyat va shijoat bilan ishlashi, millat va din ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishi kerakligini eslatib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ustuvor vazifa va dasturlar ijrosini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatgan, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lida ibratli faoliyat olib borayotganlarga taqdim etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi Hikmatulloh domla Abiyevga padari buzrukvorining vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhumning barcha solih amallarini husni qabul aylasin, jannati Firdavsdan joy ato qilsin, rahmatiga olsin.
Marhumning ahli bayti va yaqinlariga go‘zal sabr, sabrlariga ajrlar ato etsin. Musibatlari o‘rnini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
«Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz U Zotga qaytamiz».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi