Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir kuni Imom Shofe’iy Imom Ahmad ibn Hanbalni ziyorat qilgani uyiga bordi. Ikkisi kechki ovqatni birga yegach, Imom Shofe’iy uning hujrasida ertalabgacha yotib qoldi.
Ahmad ibn Hanbalning qizi otasiga: “Otajon, bu kishi siz bizga ta’riflab bergan Imom Shofe’iymi?” deb so‘radi.
Otasi: “Ha, qizim, shunday”, dedi.
Qizi: “U kishiga uchta e’tirozim bor. Sizga aytsam, yetkazib qo‘yasizmi, otajon?” dedi.
Otasi rozi bo‘lgach, qizi bunday dedi: “U kishining oldiga ovqat olib kelganimizda ko‘p taom yedi. Natijada yotganidan so‘ng tahajjud namoziga uyg‘onmadi. Bomdod namozini esa tahoratsiz ado qildi...”.
Imom Ahmad Imom Shofe’iyga qizining gaplarini aytdi. Imom Shofe’iy darhol javob berdi: “Ey Ahmad, chindanam men ko‘p ovqat yedim. Chunki saxiy insonlar beradigan taomda shifo borligini bilardim. Baxilning taomi esa darddir. Kechki namozga turmaganimning sababiga kelsak, uxlash uchun boshimni yostiqqa qo‘yganimda ko‘z oldimga Qur’on va hadis keldi. Alloh taoloning izni bilan o‘ylab yotib, yetmish ikkita fiqhiy masalaning yechimini topish nasib qildi. Shu ishim musulmonlarga ko‘proq manfaatli bo‘ladi, deb tahajjud namoziga turmadim. Sizlar bilan bomdod namozini tahoratsiz o‘qiganimga kelsak, Allohga qasamki, ko‘zlarimni yumib yotganim bilan ikki ko‘zimga uyqu kelgani yo‘q, tahoratim ham sinmadi. Xufton namoziga olgan tahoratim bilan bomdod namozini ham ado qildim”, deb javob berdi.
“Solihlar davrasida” kitobidan olindi
Aholi bilan ochiq va samimiy muloqot o‘rnatish, fuqarolarning murojaatlariga o‘z vaqtida yechim topish hamda ularning ezgu tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Shu yil 23 sentyabr kuni Diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi.
Muloqotlarda masjidlar va imom-xatiblar faoliyati, oilaviy masalalar, umra ziyorati va boshqa masalalarda batafsil tushuntirishlar berildi. Zaruriy ehtiyojmand murojaatchilarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, kelganlar orasida xayrli duo va maslahat olish niyatidagi yurtdoshlarimiz ham bo‘ldi.
Ko‘rsatilgan alohida e’tibor va muammolariga yechim topilganidan mamnun bo‘lganlar minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi.
Ma’lumot o‘rnida, aholi murojaatlarini tinglashga qaratilgan bu kabi ochiq qabullar har chorshanba kuni Diniy idoraning hududiy vakilliklari va barcha jome masjidlarda imom-xatiblar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati