Bugun, 17 noyabr kuni Mir Arab oliy madrasasi talabalari o‘rtasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining "Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi" nomli asari bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Unda “Abu Hafs Kabir”, “Naqshbandiylar”, “Imom Moturudiy”, “Chor Bakr” hamda ayol-qiz talabalarning “Muslimalar” jamoalari ishtirok etdi.
Musobaqa tezkor savol-javob hamda tafsilotli savol-javob shartlari asosida olib borildi.
Yakuniy natijaga ko‘ra “Imom Moturudiy” jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yakunda g‘olib va ishtirokchilarga hadyalar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.
“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.
Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.
Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati