Munosabat
Alloh taologa beadad shukrki, yurtimizda yuzdan ziyod millat va elat vakillari o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik muhitida yashaydi. Albatta, bashariyat uchun xayrli bo‘lgan bu hodisa zamirida yangi O‘zbekistonning bag‘rikenglik va totuvlik g‘oyalariga xayrixohlik siyosati mujassam.
O‘zbek xalqi asrlar mobaynida e’tiqod qilib kelayotgan, inson qadrini, ilm-ma’rifatni, ezgulik va bag‘rikenglikni targ‘ib etuvchi islom dini va payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom biz — mo‘minlarni boshqa din vakillari bilan tinch-totuv hayot kechirish, ularning haqiga rioya etish va jamiyat ravnaqi yo‘lida hamkorlik qilishga chaqirganlar.
Unutmaslik kerakki, o‘zga din vakillari bilan muomalaga kirishgan kishi ular havas qiladigan darajada go‘zal axloqli bo‘lishi lozim. Qaysi jamiyatda bag‘rikenglik tamoyillari mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha yerda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanadi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradi. Tinchlik bo‘lmagan joyda taraqqiyot va farovonlik bo‘lmagani kabi bag‘rikenglik bo‘lmagan jamiyatda osudalik hukm surmaydi. Shu bois, insoniyat yer yuzida hayot kechira boshlaganidan buyon bag‘rikenglik tamoyillariga amal qilib yashashga katta ehtiyoj sezadi.
Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, qaysi jamiyatda ahillik, birodarlik, o‘zaro hamjihatlik mustahkam bo‘lsa, kuchli taraqqiyotga erishilganini ko‘ramiz. El osoyishta, xalq farovonlik yashagan. Aksincha, murosasizlik, o‘zaro xusumat kuchayib, urush va mojarolar avj olgan joyda yurt vayronaga, el parokandalikka yuz tutgan. Shuning uchun islom dini turli e’tiqoddagilarni diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik tamoyillari asosida yashashga da’vat etgan.
Bugunga kelib saodat sohiliga aylangan yangi O‘zbekistondagi tinchlik va osoyishtalik, turli e’tiqod egalari orasidagi totuvlik muhiti tahsinga sazovor. Vatanimizdagi bunday holatga xorijlik birodarlarimiz ham havas bilan qaraydi.
O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik borasida kuzatilayotgan barqarorlik va millatlararo totuvlikning qator sabablari bor. Avvalo, Haq taolo bir yurtda umrguzaronlik qilayotganlarni ahil yashash va yurtni obod etishga buyurgan. Islom dinimiz to‘g‘ridan to‘g‘ri bag‘rikenglikka chorlagan. Diniy bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlik tamoyili Prezidentimiz boshlagan insonparvar islohotlarning eng muhim bo‘g‘iniga aylangan. Shu bois, Vatanimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lashga hamisha ulkan e’tibor qaratiladi. Har yili yurtimizda an’anaviy o‘tkaziladigan “Bag‘rikenglik haftaligi” ham ana shu yuksak e’tibor mevasidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik” (Hujurot surasi, 13-oyat). Bu oyati karima odam bolalari o‘rtasidagi tenglik va do‘stlikka dalolat qilguvchi, ma’rifatga chorlovchi ilohiy nido aslida.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi shariflarning birida “Odamlarga tashakkur aytmagan Allohga ham shukr qilmaydi”, deyiladi. Yurtimizdagi tinchlik, barqarorlik muhiti, diyorimizda yashayotgan turli din va millat vakillari orasidagi totuvlik mustahkamligi, qo‘shni davlatlar va u yerlarda yashayotgan xalqlar bilan yuzaga kelgan do‘stona aloqalar uchun Alloh taologa beadad shukr qilgan holda unga sababchi bo‘lgan davlatimiz rahbariga – yangi O‘zbekiston me’moriga, albatta, tashakkur izhor qilish lozim.
Atrofimizdagi qo‘shni xalqlar va millatlar bilan do‘stona aloqalarimiz yangi O‘zbekiston rahbarining insonparvar qarashlari va islohotlari tufayli mutlaqo samimiy, ishonch va birdamlik bosqichiga kirdi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida bunday yozadi: “Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga o‘tyapmiz. Bizning mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor bo‘lib xizmat qilayotgan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda”.
Vatanimizdagi keng ko‘lamli islohotlar aniq maqsadlarga xizmat qiladi. Bu maqsadlar zamirida esa, shubhasiz, inson qadri mujassam. Dinimiz ko‘rsatmalariga hamohang tarzda yangi O‘zbekistonda qabul qilinayotgan qonun-qoidalar va me’yoriy hujjatlar ham e’tiqod erkinligi, inson sha’nini hurmatlash va haq-huquqlarni himoya qilishni ko‘zlaydi. O‘zbek xalqining mutlaq xayrixohligi bilan qabul qilingan, ezgu niyatlar bilan yangilangan bosh qonun – O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakat fuqarolarining munosib hayot kechirishi, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, ko‘p millatli jonajon Vatanimizning farovonligini va gullab-yashnashini nazarda tutadi.
Bosh qonunning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb yozilgan. Shu yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ham davlatchiligimiz tarixi va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan. Mazkur konsepsiya fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, diniy konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida har yili 16 noyabr Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Mazkur sana munosabati bilan “Bag‘rikenglik haftaligi” tashkil etilishi hamda shu haftalik doirasida turli anjumanlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, taqdimotlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan.
Jamiyatimizda dinlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni keng targ‘ib etgan, o‘zaro hamkorlik rivojiga munosib hissa qo‘shganlarni taqdirlash uchun Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan.
O‘zbekiston xalqi bu yorug‘ olamda yashayotgan bag‘rikeng va mehmondo‘st xalqlar qatorida zikr etiladi. Azaldan diyorimizda yashab kelayotgan turli millat va elat vakillari o‘zaro yelkadosh bo‘lib, bir-birining og‘irini yengil, mushkulini oson qilgan. Shuning uchun xursandchilikda ham, to‘y va ma’rakada ham ko‘p millatli xalqimizning hamjihatligiga hamisha guvohmiz.
Parvardigorimiz barcha millat va e’tiqodlar orasida adolat bilan ish tutishga chaqiradi. Chunki bashariyatning asli bir: hamma Odam Ato va Momo Havvodan tarqalgan. Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo‘ygan. Insonlarning turfa xalq va qabilalarga bo‘linishining hikmati esa o‘zaro tanishish, hamkorlik va ma’rifatda bardavom bo‘lishdadir.
Muqaddas dinimiz o‘zidan oldingi samoviy dinlarni ehtirom qilish barobarida ularga va ularga e’tiqod qiluvchilarga muruvvat ko‘rsatishni buyuradi. Bu haqiqatni o‘ta ulkan zakovati bilan anglay olgan movarounnahrlik mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorik ut-tanzil” asarida “Mumtahana” surasining 8-oyatini bunday tafsir qilgan: “O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsating, ularga so‘z bilan ham, ish bilan ham yaxshi muomalada bo‘ling!”
Ulug‘ allomaning tafsirda bunday xulosaga kelishiga hazrati payg‘ambar alayhissalomning Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni o‘z masjidlariga tushirganlari va: “Ular bizning sahobalarimizni hurmat qilgan edilar. Men ularni izzat-ikrom qilishni xush ko‘raman”, deb shaxsan o‘zlari ularga xizmat qilganlari haqidagi dalil sabab bo‘lgandir, ehtimol.
Islom tarixida bunday voqealar juda ko‘p...
Islom ta’limoti o‘zga din va millat vakillari bilan hamisha chiroyli va bag‘rikeng munosabatda bo‘lishga chorlaydi. Bu go‘zal chorlovdan hosil bo‘lgan ezgu an’analar bugun ham bardavom. Xususan, imomlar homiylar va hojilarni jalb qilgan holda o‘zi faoliyat yuritadigan masjid joylashgan mahalla hududidagi ehtiyojmand oilalar holidan muntazam xabar olib turadi. Bu holatda qaysi millat yo din vakili bo‘lishidan qat’i nazar, ehtiyojmandlarga ham moddiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatiladi. E’tibor va ardoqdan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan yurtdoshlarimiz esa el-yurtimiz tinchligi va farovonligini so‘rab duo qiladi.
“Yomg‘ir bilan yer ko‘karadi, duo bilan el ko‘karadi” deydi dono xalqimiz. Shu ma’noda aytish mumkinki, bugun xalqimizga yetayotgan jami yaxshiliklarga yurt egasining ezgu maqsadi, shu maqsadning amaliy qadamlari va bu qadamlardan manfaat ko‘rayotgan fuqarolarning chin dildan qilayotgan samimiy duolari sabab.
Alloh taolo aziz va mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha mo‘min-musulmonlarning, millat va elatlar vakillarining tinch-totuv, o‘zaro hurmat va e’tiborda istiqomat qilishida madadkor bo‘lsin. Yangi O‘zbekistonning, inson qadrining faol himoyachisi bo‘lgan muhtaram Prezidentimizning jamiyatda hamjihatlik va barqarorlik, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi ezgu ishlariga qut-baraka yog‘ilaversin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy,
“Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati