Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ba’zi chet mamlakatlarda xufton namozidan keyin o‘tirgan holda “qabr nuri namozi”ni o‘qishar va boshqalarni ham targ‘ib qilishar ekan. Shu namoz aslida shariatda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda “Qabr nuri namozi” deb ataladigan maxsus namoz yo‘q. Umuman olganda, tunning eng oxirgi namozi vitr bo‘lishi mustahabdir. Ammo vitrdan keyin ham nafl o‘qish joiz. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ba’zan vitrdan keyin namoz o‘qiganlari ma’lum. Ular ehtimol U zotning ana shu amallari tufayli shunday deyishayotgan bo‘lsalar kerak. Oisha, Ummu Salama va Abu Umoma roziyallohu anhum kabi sahobiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vitrdan keyin o‘tirgan holda ikki rakat namoz o‘qiganlarini rivoyat qilishgan.
Ulamolar o‘sha hadisni Sarvari olam alayhissalom vitrdan keyin ham nafl o‘qish mumkin ekanini bildirish uchun o‘qiganlar, deyishgan. Yana bir guruh ulamolar U zot alayhissalom tahajjudni juda ham uzoq o‘qiganlaridan oyoqlari shishib ketar edi, shu bois vitrdan keyin dam olish uchun o‘tirib ikki rakat nafl o‘qir edilar, deb izohlashgan. Uni "qabr nuri namozi" deb nomlab, doimiy sunnat sifatida targ‘ib qilish noto‘g‘ridir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Aholi bilan ochiq va samimiy muloqot o‘rnatish, fuqarolarning murojaatlariga o‘z vaqtida yechim topish hamda ularning ezgu tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Shu yil 23 sentyabr kuni Diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi.
Muloqotlarda masjidlar va imom-xatiblar faoliyati, oilaviy masalalar, umra ziyorati va boshqa masalalarda batafsil tushuntirishlar berildi. Zaruriy ehtiyojmand murojaatchilarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, kelganlar orasida xayrli duo va maslahat olish niyatidagi yurtdoshlarimiz ham bo‘ldi.
Ko‘rsatilgan alohida e’tibor va muammolariga yechim topilganidan mamnun bo‘lganlar minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi.
Ma’lumot o‘rnida, aholi murojaatlarini tinglashga qaratilgan bu kabi ochiq qabullar har chorshanba kuni Diniy idoraning hududiy vakilliklari va barcha jome masjidlarda imom-xatiblar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati