Har haftaning chorshanbasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning quyi tizimlarida fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tadi. Murojaatlarga diniy idora rahbariyatidan tortib, har bir masjid imomigacha doimiy e’tibor qaratib, fuqarolarga imkon qadar ko‘makchi bo‘lishadi.
Ana shunday qabullardan biri bugun, 19 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lib o‘tdi.
Raisning birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Diniy idoraga kelgan fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarni tingladi. Murojaatchilar tomonidan aytilgan imom-xatiblar faoliyati, haj va umra, oilaviy masalalar, moddiy yordam singari 14 ta masala vakolat doirasida ijobiy hal etildi.
Samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lib, xayrli duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati