Bir taksichi yurtidagi bir boy odamni manziliga yetkazdi. Boy odam tabloda ko‘rsatilgan mablag‘ni to‘ladi. U taksidan tushayotganida taksichi unga: “Bilasizmi, kecha o‘g‘lingizni bir manzilga olib borib qo‘ygandim. U menga tabloda ko‘rsatilganidan ancha ko‘proq pul berdi. Nega siz undan ham boy bo‘laturib bunday qilmadingiz?”
Boy odam taksichiga kulimsirab qaradi: “Siz nimani kutgan edingiz? O‘g‘lim otasi boy bo‘lgani uchun shunday qilgandir, men esa yetim o‘sganman”, deb tushib ketdi.
Ha, kimki o‘z mehnati bilan daromad topsa, uni qadrlaydi. Kimgaki katta mablag‘ qiyinchiliksiz kelsa, uni keraksiz o‘rinlarga ham sarflaydi. Shunday ekan, bolalarimizga mehnat bilan erishishni o‘rgatsak, ular to‘g‘ri tasarrufni o‘zlari o‘rganib oladi.
Akbarshoh Rasulov
O‘zbekiston musulmonlari idorasida aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirish va murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar bevosita hamda masofaviy tarzda ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov kirish so‘zi bilan ochib, fuqarolarning murojaatlariga yuksak hurmat bilan qarash va ularning dardiga oqilona yechim topish har bir rahbar hamda xodimning nafaqat vazifasi, balki oliy insoniy burchi ekanini alohida ta’kidladi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasining mas’ul vakillari – Davlat tashkilotlari tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish sho‘basi bosh inspektori Saidakmal Xodjayev hamda sho‘ba yetakchi inspektori Rashid Kurganov ishtirok etib, tizimdagi holatni qonunchilik talablari asosida atroflicha tahlil qilib berdilar.
Soha mas’ul mutaxassislari tomonidan ayni yo‘nalishdagi Prezident Farmoni ijrosi doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik va tezkorlikni ta’minlash, jarayon shaffofligini oshirish hamda murojaatlarni nazoratdan olishning mexanizmlarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbir tizim xodimlarining murojaatlar bilan ishlash madaniyati va huquqiy savodxonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Amaliy tahlillarga boy bo‘lgan ushbu seminar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish hamda xalqimizning diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi muhim va tizimli qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati