Bugun, 20 noyabr kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining bir qudsiy hadis sharhiga bag‘ishlangan “Ey bandalarim...” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
An’anaga ko‘ra Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov, institutning “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi mudiri Soatmurod Primov, shuningdek, boshqa o‘qituvchi va talabalar ishtirok etishdi.
Taqdimotda e’tirof etilganidek, mazkur salmoqli asar dinimizning ko‘pgina asoslari, hukmlari, odoblari, qalb ishi bilan bog‘liq nozik nuktalarni qamrab olgan.
Kitob nomiga asos bo‘lgan “Ey bandalarim...” deb boshlanuvchi uzun hadisda Alloh taolo bandalariga bir necha marta xitob qilib, zulmdan, zalolatdan uzoq bo‘lishga chorlaydi. Har nafasda O‘ziga muhtoj ekanimizni eslatadi. “Ey bandalarim! Bular sizning amallaringiz. Men ularni hisoblab qo‘yaman...” deya bizni ogoh etadi.
Qalb Xudoning nazargohi ekan, kitobda keltirilgan mana bu parcha har bir o‘quvchining o‘z qalbini yumshatib, poklab turishida dastur vazifasini o‘taydi:
Ibn Javziy rahmatullohi alayh "Soydul xotir" kitobida aytadi: “Bildimki, agar raqoiq (qalbni yumshatuvchi so‘zlar) va salafi solihlar hayotlariga nazar solish aralashmasa, fiqh va hadis eshitish bilan shug‘ullanishning o‘zi qalbni isloh qilishda yetarli bo‘lmaydi. Faqat halol va haromni bilishning o‘zi qalbni yumshatishda katta ta’sirga ega emas, balki raqoiq hadislar va salafi solihlarning qissalarini zikr etish qalbni yumshatadi”.
So‘zga chiqqanlar asarning ana shunday muhim masalalarni eslatishi bilan ham ahamiyatli ekanini ta’kidlashdi. Yakunda kitob yurtimiz mo‘min-musulmonlari uchun manfaatlarga boy bo‘lishini tilab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati