Islom dinida aqida eng muhim sohalardan sanaladi. U hamma narsaning asosi bo‘lib, bandaning ibodati ham, dunyoqarashi ham, turmush tarzi ham, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlari ham shunga qarab shakl oladi.
Mo‘min-musulmon inson o‘z aqidasi, imon-e’tiqodi qanchalar mustahkam ekanini hech ham nazardan qochirmasligi kerak. Ayniqsa, fitnalar avj olgan hozirgi davrda har bir musulmon kishi o‘z aqidasining to‘g‘ri yo noto‘g‘ri ekanini aniq bilishi, kerak bo‘lganda, uni himoyalay olishi zarur. Bilimsizligi yo e’tiborsizligi oqibatida adashganlarning da’volariga ergashadigan bo‘lsa (Alloh saqlasin!), faqat oxiratda emas, bu dunyoda ham nadomat chekuvchilardan bo‘lib qoladi.
Hamma zamonlarda bo‘lganidek, bugun ham ayrim buzg‘unchi da’vatchilar mutashobih (ma’nosi yashirin, izohtalab) oyat va hadislardan misollar keltirib, ularga noto‘g‘ri yondashgan, o‘zining haqni aytuvchi ekanini da’vo qilgan holda ko‘pchilikning adashishiga sabab bo‘lmoqda. Afsuski, bilib-bilmay ularga ergashayotganlar talaygina. Bunga ko‘p sabablarni keltirish mumkin. Lekin asosiysi ilm-ma’rifatning pastligi, saviyasizlik, dalillarni chuqur anglamaslikdir. Soxta da’vatchilar ko‘pincha shundan foydalanadi. Sodda odamlar “oyat va hadisda kelgan ekan” deb, ularga ishonib ketaveradi.
Vaholanki, Alloh taolo: “Ey imon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab (tekshirib) ko‘ring!”[1] deb marhamat qilgan. Musulmon kishi o‘z aqidasida adashib qolmasligi uchun e’tiborli bo‘lishi, eng ishonchli dalillarga ularni teran anglagan holda ergashishi lozim. Ta’na qilingan, “soxta da’vatchi” yo “soxta shayx” degan nomlarga loyiq ko‘rilgan kishining gapiga ishonmasligi, boshqalarga ham ko‘r-ko‘rona ergashmay, avval tekshirib ko‘rishi va aytganlarining mohiyatiga yetib borishi kerak. Shundagina asl haqiqat nima ekanini bilish mumkin.
Hozir ayrim da’vatchilar musulmonlar birligiga rahna solish maqsadida islom ummati ming yillar davomida e’tiqod qilib kelgan moturidiylik va ash’ariylik ta’limotlari noto‘g‘ri ekanini da’vo qilib chiqmoqda. Go‘yo o‘zlarini Qur’on va sunnatga ergashgan-u, bu ikki maktab undan yiroqdek. Betamizlik shu qadar oshyaptiki, ba’zan ulardan “Moturidiylarning kitoblarida birorta oyat va hadis yo‘q” degan da’volarni eshitish mumkin. Bu – o‘ta og‘ir gap. Aslida aqidaviy kitoblarning har bir mavzusida, har bir varag‘ida aytilgan fikrlarni dalillovchi oyat va hadislar bor. Bunga iqror bo‘lish uchun o‘sha manbalarni ochib, o‘qib ko‘rish kerak, xolos. Imom Moturidiyning “Kitobut tavhid”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, Ibrohim Saffor Buxoriyning “Talxisul adilla”, Abu Barakot Nasafiyning “E’timod fil e’tiqod” – moturidiylik ta’limotiga oid har qanday asarga qaralsa, ichidagi har bir aqidaviy mavzuda ko‘plab oyat va hadislardan dalillar kelgani osongina ayon bo‘ladi.
Keling, avval moturidiylik haqida qisqacha ma’lumot keltiraylik. Ushbu ta’limot ahli sunna val jamoaning ikki yirik ustunlaridan biri hisoblanadi. Unga “Imomul huda” – “Hidoyat imomi” degan yuksak nomga sazovor bo‘lgan Abu Mansur Moturidiy asos solgan.
Imom Moturidiy yashagan davr islom olamida turli o‘zgarishlar avj olgan, ayniqsa, turli firqalar tomonidan aqidaviy buzilishlar kuchaygan paytga to‘g‘ri keladi. Shunday sharoitda u ahli sunna val jamoa e’tiqodini himoya qilib, bu yo‘lda xavorij, rofiza, karromiyya, jahmiyya, mushabbiha va boshqa botil firqalarning da’volariga raddiyalar bergan. Keyingi davrlarda esa, ushbu ta’limotni batafsil o‘rgangan va uning mohiyatini chuqur bilgan Abul Yusr Pazdaviy, Abu Muin Nasafiy, Saffor Buxoriy, Abu Hafs Nasafiy, Ali ibn Usmon O‘shiy, Nuriddin Sobuniy va Abu Barakot Nasafiy kabi olimlar uning yo‘lini davom ettirib, moturidiylik ta’limotini rivojlantirgan.
Moturidiylik ta’limotida naql (oyat va hadis) asosiy manba hisoblanadi. Har bir masalaning negizidagi dalilda oyat va hadislar yotadi. Aql esa yordamchi vosita hisoblanadi. Ma’rifat hosil qilishda naql, aql va sog‘lom sezgilar asosiy vosita ekani ta’kidlangan. Manbalarga qaraydigan bo‘lsak, adashgan toifalarga raddiya berishda ham naqldan, ham aqldan samarali foydalanilgani ko‘zga tashlanadi. Chunki noto‘g‘ri da’volar noqis aql bilan ana o‘sha asosiy naqlni to‘g‘ri tushunmaslikdan kelib chiqadi. Shu sababli moturidiy olimlar sog‘lom aql bilan, manbaga teran nazar solgan holda, eng nozik nuqtalarni e’tibordan chetda qoldirmay, xolis yondashib, masalalarga naqliy dalillar asosida aqliy dalillarni ham keltirgan. Maqsad – islomning haqiqiy mohiyatini ochib berish, sofligini saqlab qolish va odamlarning sog‘lom aqidaga ergashishini ta’minlash bo‘lgan. Shu tufayli ham ushbu ta’limot asrlar davomida barhayot turipti. Ahli sunna val jamoa musulmonlari hozirga qadar ushbu ta’limotga ergashib, sof aqidasini saqlab kelmoqda.
Bugun ba’zi toifalar moturidiylik aqidasini noto‘g‘ri deb da’vo qilmoqda. Lekin gap-so‘zlariga nazar solsangiz, ularning naqadar puch va asossiz ekanini ko‘rasiz. Quyida shunday da’volardan ayrimlarini keltirib, ularga moturidiylik ta’limotida qanday javob berilganini qisqacha bayon etamiz.
E’tibor qilish kerak bo‘lgan jihat shuki, adashgan toifalar iddao qilayotgan da’volar bugun chiqib qolgan emas. Ular aytayotgan har qaysi aqidaviy masalaning tarixiy ildizlari bor. Bu toifalar mo‘tazila, mushabbiha, mujassima, karromiyya va boshqalarni qattiq tanqid qilsa-da, o‘zlari da’vo qilayotgan narsalarining ildizlari bilan aynan o‘shalarga borib taqaladi. Masalan, hozir soxta da’vatchilar mushabbiha, mujassima va karromiyya toifalari kabi “Alloh taolo – Arshning ustida” deb da’vo qiladi. Bunga
﴿الرَّحْمَنُ عَلَى الْعَرْشِ اسْتَوَى﴾
“Rahmon Arshga istivo qildi”[2] oyatini dalil qilib keltiradi. Ya’ni, oyatdagi “istivo” so‘ziga “joylashish”, “o‘rnashish” ma’nolarini berib, “Alloh Arshga o‘rnashdi” deb ta’vil qiladi va Allohga biror makonda ekanini go‘yo isbot qiladi.
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, Alloh taolo makondan behojat Zot. Moturidiylikka oid manbalarda bu masalaga quyidagicha yondashiladi: “Oyatdagi “istivo” so‘zi muhtamal ya’ni, har xil ehtimol va ma’nolarga ega. Birinchidan, mukammallik ma’nosida ishlatiladi. Bunga Alloh taoloning Muso alayhissalom haqida
﴿وَلَمَّا بَلَغَ أَشُدَّهُ وَاسْتَوَى﴾
“Qachonki u voyaga yetib, mukammal bo‘lganda”[3] degani misol bo‘ladi. Ya’ni bu o‘rinda “istivo” “kamolga yetish” ma’nosida kelgan.
Ikkinchidan, “istivo” so‘zi “qaror topish”, “joylashish” ma’nolarida keladi. Bunga Alloh taoloning Nuh alayhissalomning kemasi haqida:
﴿وَاسْتَوَتْ عَلَى الْجُودِيِّ﴾
“U (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi”[4], degan so‘zlari dalil bo‘ladi.
Uchinchidan, “istivo” so‘zi “ega bo‘lish” ma’nosida qo‘llanadi.
Birinchi va ikkinchi ma’noni Alloh taologa nisbatan qo‘llash Uning Zotiga loyiq emas. Chunki, Alloh taolo bizning tushunchamizdagi jism emaski, Uni biror makonda desak. Ikkinchidan, O‘zi mukammal bo‘lgan Zotga “kamolga yetish”ni nisbat berish ham mutlaqo noo‘rindir.
Demak, “ega bo‘lish” ma’nosini qo‘llash to‘g‘ri bo‘ladi. Alloh taolo oyatda O‘zini madh etganiga ko‘ra, “Rahmon Arshga istivo qildi” jumlasini “Rahmon Arshning egasi bo‘ldi” deb tafsir qilish lozim. Oyatda Arsh xoslab keltirilganining sababi – u maxluqotlarning (yaratilgan narsalarning) eng kattasi bo‘lgani uchundir. Bundan Alloh taolo barcha maxluqotlarning Egasi ekani ma’lum bo‘ladi. Chunki maxluqotlardan eng kattasining egasi bo‘lish butun olamning egasi bo‘lishni taqozo etadi”.
Ko‘rinib turibdiki, moturidiylikda Alloh taoloni poklashga nihoyat darajada daqiqlik bilan yondashilgan. U Zotni maxluqot sifatlariga o‘xshash sifatlardan poklashga qattiq e’tibor berilgan. “Istivo”ning Alloh taologa eng loyiq bo‘lgan ma’nosi tanlangan. Soxta da’vatchilar da’vo qilgandek “istivo”ga “joylashish”, “qaror topish” ma’nolari berilganda edi, Alloh taologa makon nisbat berilib, U Zotni jismga o‘xshatish holati yuzaga kelib qolgan bo‘lardi. Bu esa olamlarning Rabbi bo‘lgan Zotga noloyiqdir.
Soxta da’vatchilarning da’volaridan yana biri “Alloh taolo – osmonda” deb e’tiqod qilishdir. Bunga “asos” sifatida Alloh taoloning
﴿مَنْ فِي السَّمَاءِ﴾
“Osmondagi Zot”[5] degan so‘zlari va yana bir qancha mutashobih oyatlar dalil qilib keltiriladi. Qo‘shimcha tariqasida inson duo payti qo‘llarini osmonga ko‘tarishi aytiladi.
Moturidiylik manbalarida ularga quyidagicha javob beriladi: “Alloh taoloning “Osmondagi Zot” degan so‘zidan murod “Ilohligi osmonda bo‘lgan Zot” degan ma’nodadir. Uning
﴿وَهُوَ الَّذِي فِي السَّمَاءِ إِلَهٌ وَفِي الْأَرْضِ إِلَهٌ﴾
“U Zot osmonda ham ilohdir, yerda ham ilohdir”[6] degan so‘zlaridan murod esa osmonda ham, yerda ham ilohligining sobitligidir. Bu Alloh taoloning Zoti osmonda sobit ekanini anglatmaydi. Bu xuddi “Falonchi Buxoro va Samarqandda amirdir. Ya’ni, uning zoti emas, amirligi (o‘sha) ikkalasigadir” degandek gap. Chunki Uning Zoti osmonda ham, yerda ham bo‘lishi mumkinmas. Ammo ikkalasida ham Rabbligi va Ilohligi bo‘lishi mumkin.
Alloh taolo O‘zi yaratgan maxluqotlardan behojatdir, shu jumladan, makondan ham. U Zot Qur’oni karimda:
﴿إِنَّ اللَّهَ لَغَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ﴾
“Albatta, Alloh barcha olamlardan behojatdir”[7], degan. Arsh, yer va osmonlar – barchasi Alloh yaratgan maxluqotlar bo‘lib, olam jumlasiga kiradi. Alloh taolo esa olamlardan behojat, ya’ni ularga hojati tushmaydigan Zotdir.
Duo paytida qo‘llar va yuzlarni osmonga ko‘tarish sof ibodat bo‘ladi. Bu namozda Ka’baga yuzlanishga o‘xshaydi. Baytulloh namozning qiblasi bo‘lgani kabi osmon duoning qiblasidir”.
Demak, Alloh taolodan boshqa hamma narsa hodis (paydo bo‘lgan, yaratilgan) hisoblanadi. Zamonlar, makonlar, yaratilgan nimaiki narsa bo‘lsa, Alloh taolo ulardan behojatdir. Alloh taolo azaliy bo‘lib, U bilan birga biror narsa azalda mavjud bo‘lgan emas. Jumladan, yeru osmonlar ham, Arsh va Kursiy ham.
Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, moturidiylik aqidasida har bir masalaga chuqur, asosli, ilmiy nuqtayi nazardan yondashiladi, masalaning tub mohiyatini ochish uchun jiddu jahd qilinadi, asl haqiqat nimada ekaniga qattiq e’tibor beriladi, oyat va hadislarning ma’nolari har tomonlama o‘rganilib, to‘g‘ri ta’vil qilinadi. Adashgan buzg‘unchi toifalar esa oyat va hadislarning zohiriy ma’nosiga qarab hukm qilib ketaveradi. Ular matnning asl mazmun-mohiyati nima ekanini tushunmagani, chuqur tahlilga ilmiy salohiyati yetmagani tufayli o‘zining noqis aqli to‘g‘ri deb bilgan va nafsiga ma’qul kelgan narsaga mahkam yopishib oladi. Shunisi ma’lumki, asrlar davomida islom aqidasining sofligini saqlash uchun beqiyos xizmat qilgan zabardast mujtahid olimlarning etagini tutish oyat va hadislarning asl mohiyatini, shariat maqsadlarini anglab yetmagan, ilmsiz, soxta da’vatchilarga ergashishdan har tomonlama afzaldir. Shuning uchun mo‘min-musulmon inson o‘z dinini yaxshilab o‘rganishi va bunda kimdan nimalarni qay tarzda o‘rganayotganiga e’tiborli bo‘lishi lozim.
[1] Hujurot surasi, 6-oyat.
[2] Sho‘ro surasi, 11-oyat.
[3] Qasos surasi, 14-oyat.
[4] Hud surasi, 44-oyat.
[5] Mulk surasi, 16-oyat.
[6] Zuxruf surasi, 84-oyat.
[7] Ankabut surasi, 6-oyat.
Ravshan Elmurodov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.
Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.
Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.
Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.
Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.
Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.
Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati