Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Xurayra roziyallohu anhu ikki kishini ko‘rib, ularning biridan: «Bu senga kim bo‘ladi?» - deb so‘radilar. U: «Otam», - deb javob berdi. Shunda u zot: «Uning ismini aytib chaqirma, oldida yurma va undan avval o‘tirmagin», dedilar.
Imom Buxoriy rivoyati.
***
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Kim otasiga ko‘z qiri bilan (mensimay) qarasa, unga oq bo‘libdi».
Izoh: «Oq bo‘lish» iborasi arab tilida «kesish», «uzish» degan ma’noni bildiradi, shar’iy istilohda esa ota-onaga aziyat berish, ma’siyat bo‘lmagan ishlarda ularga itoatsizlik qilish, ularni g‘azablantirish, norozi qilish, ulardan aloqani uzishga aytiladi. Binobarin, uni qandaydir qarg‘ishga qolish, biror kasallikka giriftor bo‘lish ma’nosida tushunmaslik kerak.
***
Omir ibn Abdulloh ibn Zubayr aytadi: «Otam vafot etganda bir yil davomida Allohdan faqatgina otamni afv etishini so‘radim».
***
Umar ibn Abdulaziz Ibn Mehronga shunday degan: «Ota-onasiga oq bo‘lgan kimsa bilan do‘stlashmagin. Chunki ularga oq bo‘lgan kimsa seni ham hargiz rozi qilmaydi».
***
Avn ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: «Abdulloh aytadi: «Otang yaqin bo‘lgan kishilar bilan bog‘langin».
***
Imom Mujohid aytadi: «Kimni otasi ursa, uning qo‘lini qaytarishi mumkin emas. Kim ota-onasiga tik qarasa, ularga yaxshilik qilmabdi. Kim ota-onasini xafa qilsa, ularga oq bo‘libdi».
***
Avvom aytadi: «Mujohiddan: «Agar namozga azon aytilsa, shu payt otam ham meni birov orqali chaqirib qolsa, qaysi biriga javob qilaman» deb so‘ragan edim. U: «Otang (chaqirig‘i)ga javob ber», - dedi...
***
Mujohid aytadi: «Otaning duosi Alloh azza va jalladan to‘silmaydi».
***
Sobit ibn Aslam Bunoniy aytadi: «Birov otasini bir joyda urayotgan edi. «Bu nimasi?» - deb so‘raldi. Shunda otasi: «Qo‘yaveringlar, xuddi shu joyda men ham otamni urardim. Bolam bilan shunday balolanib, o‘zim ham ayni shu joyda urilyapman», dedi».
***
Ibn Muhayriz aytadi: «Kim otasini ismi yoki laqabini aytib chaqirsa, unga oq bo‘libdi».
***
Avn ibn Abdulloh aytadi: «Ota-onaga termilib boqish ham ibodatdir».
***
Umar ibn Zirr rahmatullohi alayhning o‘g‘li vafot etganda: «Allohim, uning mening haqqimda yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini kechirdim. Sen ham vojib haqlaring borasida kamchiliklarini mag‘firat qilgin», - deb duo qildi. Shunda undan: «O‘g‘ling senga qanday yaxshilik qilardi?» - deb so‘raldi. U: «Kunduzi faqat ortimda, tunda esa oldimda yurardi. Men turgan uyning tepasiga chiqmas edi», - dedi...
***
Muallo ibn Ayyub rahmatullohi alayh aytadi: «Ma’munning shunday deganini eshitganman: «Fazl ibn Yahyo Barmakiydan ko‘ra otasiga yaxshilik qiluvchiroq kishini ko‘rmaganman. Aytilishicha, uning otasi Yahyo faqat issiq suvda tahorat qilardi. Ular ikkalasi zindonga tushib qolganda zindonbon ularga havo sovuq bo‘lgan kuni kechasi o‘tin qirqishni taqiqlab qo‘ydi. Shunda Fazl zindondagi kichkina xushbo‘ylik solinadigan idishchaga suv to‘ldirib, isitish uchun shamchiroqqa yaqin olib bordi va ertalabgacha unga tutib turdi».
Ushbu voqeani Ma’mundan boshqalar ham keltiradi: «Ertasi kuni zindonbon Fazlga shamchiroqda suv isitishni ham man qildi. Shunda u idishni to‘ldirib, to‘shagiga o‘radi va uni bag‘riga bosib ilitdi».
***
Muoviya ibn Qurradan, «O‘g‘ling senga qanday muomala qiladi?» deb so‘ralgan edi. U: «U juda xam yaxshi farzanddir. Mening dunyo ishlarimni zimmasiga olib, oxirat ishlarim uchun forig‘ qilib qo‘ygan».
***
Muhammad ibn Sirin rahmatullohi alayh shunday degan: «Kim otasining oldiga tushib yursa, unga oq bo‘libdi. Agar uning yo‘lidan aziyatni ketkazish uchun (oldiga o‘tsa) unday emas. Kim otasining ismini aytib chaqirsa, unga oq bo‘libdi. «Ey otajon» desa, unday emas».
«Qiblagoh» kitobi asosida tayyorlandi
Alhamdulillah, ne’matlar ichra yashayapmiz. Deyarli ko‘pchilik insonlar bolalar tarbiyasi masalasida bir xil o‘yda: farzandlarim ilmli, solih, yetuk insonlardan ayniqsa “qori” bo‘lsa deb orzu qilishadi. Bu orzusiga hamma har xil qadam tashlaydi. Insonlar uch toifaga bo‘linadi bu borada:
1. Alloh taoloning aytganlarini bajarishlikda jiddu jahd qilgan, ilm yo‘liga tushgan, izlanish, go‘zal ta’lim-tarbiyali bo‘lishga intilib, farzandlarini ham shu yo‘lga yetaklaydi;
2. O‘zi Allohning aytganlarini qilmaydi-yu ammo farzandlarini ilm olib, kamolga yetishi uchun mol-dunyosini ayamaydi;
3. O‘zi ham Alloh taoloni aytganlarini bajarishlikda amal qilmaydi, farzandlarini ham bunga chaqirmaydi.
Siz yuqoridagilarni qaysi biriga kirasiz? Albatta, uch toifadan biri sizniki. Bularni qisqacha ochiqlab o‘rganib chiqamiz.
Birinchisi – maqtalgan, dunyo va oxirat saodati xaridori, Alloh taoloning Jamoli va Jannatidan umidvor mo‘min odamning hayot yo‘li. Ular mana shu yo‘lda bardavom bo‘lishlari uchun Alloh taoloning O‘zi o‘rgatgan duolar ila munojotda bo‘ladi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Parvardigorim, meni va zurriyotimdan (bo‘lgan bolalarimni) namozni to‘kis ado etuvchi qilgin. Parvardigoro, duoimni qabul ayla” (Ibrohim surasi, 40-oyat).
Farzand ko‘z o‘ngida ota yoki onaning go‘zal amallar bilan band bo‘lishi unga eng ta’siri ko‘p bo‘lgan jihatlardan biridir. Avvalo bolaga Alloh va Rasulini tanitish, nima uchun yaratilganligimizni tushuntirish hamda buyruq va qaytariqlarni yaxshilab o‘rgatish zarur. Shariat amallarini ota-ona o‘zi yaxshilab anglab, farzandiga singdirishi shart. Zero, Alloh taolo solih amal qilgan bandalariga abadiy Jannatni va’da qilgan. Bu haqda Qur’oni karimning bir nechta suralarida bashoratlar berilgan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan va Rabbilariga bo‘ysunganlar ana o‘shalar jannat ahlidir. Ular u yerda abadiy qolurlar” (Hud surasi 23-oyat).
Alloh taoloni aytganini qilgan bandalarga dunyoda ham tirikchiligida kenglik beradi. Yaxshi amallarning mukofoti nafaqat oxiratda balki bu dunyoda ham berilishi aytilgan. Qur’oni karimda Alloh taolo mo‘min va mo‘minalarga xushxabar aytgan:
“Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida biron yaxshi amal qilsa, bas, Biz unga pokiza hayot ato eturmiz...” (Nahl surasi, 97-oyat).
Ikkinchisi – Har bir ota-ota farzandini kamolini ko‘rishni xohlaydi. Bilingki, o‘zingiz Allohning chaqirig‘iga “labbay” demas ekansiz ular ham sizlarning chaqirig‘ingizga ijobiy javob qaytarmaydi. Ular uchun sarflagan pullaringiz havoda titilgan jun kabi har qayoqqa beiz ketib qoladi. Bola birinchi ta’lim tarbiyani ota-onasidan yoki birisidan oladi. Albatta, oila boshlig‘i bo‘lgan ota pul topishga, oilani ta’minlashga mas’ul. Ona esa uy ishlari, bola tarbiyasiga ko‘proq mas’uldir. Agar ular o‘z vazifalarini bajarmas ekan, tizim ishdan chiqadi. Ulardagi vazifalarni bir-biriga almashtirib qo‘yilsa, ham bu chora bo‘lolmaydi. Bu holatda ota-ona bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab, so‘zlari bir joydan chiqishi kerak. Aksincha farzandlar oldida er ayolining xatolarini muhokama qilib, jirkib, haqoratlab tursa, bu narsa bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolaning ilmlarni o‘zlashtirolmasligiga oilaviy muhit ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Biz farzandlarimizdan kutayotgan yutuqlarni hali ham kutib o‘tirganimizning sababi behudaliklarning hayotimizda ortishi. Ko‘p kuzatuvlarimiz natijasi shuni tasdiqlaydiki, bola tarbiyasidagi oqsoqliklarning ilk sababchisi telefondir. Ota-ona farzandlari ko‘z o‘ngida bebaho vaqtlarini soatlab telefon ilovalariga baxshida etishmoqda. Kattalarning har bir harakatidan ulgu andoza olish farzandga hech bir qiyinchiliksiz singadi.
Men to‘satdan bir jarayonni kuzatib hayratlandim. Befarzand ota-onalar muolajalari ichida onani homiladorlikka tayyorlash jarayoni bo‘larkan. Bunda ota-onaning butun tahlillari ko‘zdan kechirilib, unga dori darmon muolajalari boshlanilib, bu jarayon 3-4 bosqichda olib borilar ekan. Qarang, ota-ona bo‘lish uchun qanday jiddiy urinishlar. Homiladorlikdan oldin ona jismining o‘ta qattiq nazoratga olinishi. Bu albatta, kerakli hol. Ammo bunga onaning ruhiy holati ham jismini tayyor bo‘lishidanda muhim omillardandir. Farzandli bo‘lishdan ilgari ruhan ham jismonan tayyor bo‘ladigan bo‘lsak, bola dunyoga kelgach, bizning mas’uliyatimiz yana ortsa ortadiki kamaymaydi. Xalqimizda shunday maqol bor: “Nima eksang, shuni o‘rasan”.
Alloh taolo Qur’oni karimda mo‘minlarning qaysi fazilatga ega bo‘lganlari najot topishligi, kimlar Firdavs jannatiga voris bo‘lib o‘sha yerda mangu qolishlarini aytgan oyati karimada bir jihat alohida ta’kidlangan: “Ular behuda (so‘z va amallardan) yuz o‘giruvchilardir” (Mo‘minun surasi, 3-oyat).
Bandlarimizdagi ikkinchi toifani ochiqlashga qaytsak, xo‘p o‘zi amal qilmagan holda bolaga sarmoya tikkan ota-otalar umuman natijasiz qolishining asosiy sabablarini o‘rganib olsak. Pul hamma narsani hal qiladi degan o‘y xato. Qattiq (kontrol) va tergash kerak bolaga. Bolani vaqtini to‘g‘ri taqsimlash birinchi galdagi masaladir. Uyqu rejimi, dars qilish soatlari, ko‘chada o‘ynab kelish uchun belgilangan vaqtlar onaning kuzatuvidan chetda qolmasligi kerak. Bola tungi soat 01-02 da uxlasa, darsni xayolini parishon holda bajarsa, ko‘chada 4-5 soatlab o‘ynasa, qorni ochgani uchungina uyga kirsa, onaga gap qaytarganda ota bunga e’tiroz bildirmasa, yosh bo‘lishiga qaramasdan onani mensimasa va bunga ota yo‘l qo‘yib bersa, boladan qanday ijobiy narsa kutish mumkin? Hech narsa!!!
Ota-ona farzandlarga namuna bo‘lmasligining zarari ularga so‘z bilan ta’sir o‘tkazish qiyinlashadi. Masalan namoz o‘qish, halol rizq topish, gunohlardan tiyilishga amal qilmasa, farzandlar ham buni oddiy hol deb qabul qiladi. Mabodo o‘sha amallarga buyursangiz, “Otam-onam aytganlarini o‘zlari qilmaydiku” deb o‘ylaydi.
Farzandlarni qalbi va ruhiyati daraxtga o‘xshaydi. Iymon, Allohga taqvo uning ildizidir. Agar ota-ona bu ildizlarni sug‘orishga e’tibor bermasa, ya’ni diniy tarbiya bilan shug‘ullanmasa bu daraxt zaif o‘sadi va turli gunohlar shamolida tezgina sinib ketishi mumkin.
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlar va toshlardan bo‘lgan do‘zahdan saqlang. Uning ustida qo‘pol va darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning buyruqlariga isyon qilmaslar va buyurilgan ishni bajaradilar” (Tahrim surasi, 6-oyat). Bu oyat ota-onalarga o‘z oilasini do‘zaxdan saqlashga bo‘lgan mas’uliyatini eslatadi.
Yaxshi niyatda unga ilm o‘rgatdingiz, tili kalimalarni aytib beradiyu, axloqdan asar ham yo‘q. Qur’oni karimni yoddan aytib beradiyu, ota-ona haqlarini rioyasini qilmaydi. Atrofdagilarga badxulqligi bilan doim aziyat beraveradi. Xulq ilmdan ustun turadi. Xulksiz ilmdan faqat zalolatga botish, gunohlarga sho‘ng‘ish bor. Farzandni avvalo go‘zal xulqli “inson” qilib tarbiyalashimiz kerak. Undan keyingina ilm bilan zeb beramiz.
Uchinchi – toifadagi odamlarning o‘zlari ham farzandlari ham oxir oqibatlari nima bo‘lishi hammamizga ayon. Barcha amallari bu dunyoning o‘zida qolib ketadi.
Alloh taolo aytadi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur. Va qiyomat kuni uni ko‘r holida tiriltiramiz. U “Rabbim, nimaga meni ko‘r qilib tiriltirding. Axir men ko‘ruvchi edim-ku”, degan edi. (Alloh) aytdi: “Shunday. Senga mo‘jizalarimiz kelganida ularni unutding, bugun sen ham ana shunday unutilasan” (Toha surasi, 124–125–126-oyatlar).
Ortiqcha izohlarga hojat yo‘q. Alloh bu toifaga tushib qolishdan, zurriyotlarimizdan ham shundaylar chiqishidan O‘zi asrasin. Barchalarimizni O‘zi go‘zal isloh qilsin.
Aziza RAHMATOVA
Samarqand tumani bosh otinoyisi