Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Iyul, 2026   |   17 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:09
Quyosh
04:54
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:45
Bismillah
02 Iyul, 2026, 17 Muharram, 1448
Maqolalar

Eng xatarli bid’at

25.11.2025   6442   4 min.
Eng xatarli bid’at

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning davrlarida barcha musulmonlar o‘zlari bilmagan masalalarni Rasulullohdan so‘raganlar. Sahobai kiromlar davrida olim sahobalardan yosh sahobalar ta’lim olishdi. Shu zaylda, shar’iy ilmlarda ma’lum darajaga yetmagan kishilar muayyan ulamolarning yo‘llarini tutishlari an’anaga aylanib, fiqhiy mazhablar ko‘payib bordi. Chunki, Alloh taolo O‘zining kalomida shunday degan: “Bas, agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasidan to‘rt yirik mazhab: hanafiylik, molikiylik, shofeiylik va hanbaliylik ajralib chiqdi va ularning mazhablari musulmonlar ommasi tomonidan “fiqhiy mazhablar” deb e’tirof etildi.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo (ittifoq) qilganlar. Dalil sifatida quyidagi olimlarning so‘zlarini keltiramiz:
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh o‘zlarining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” nomli kitobida shunday degan: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda yuqori martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlari haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi”.
Imom Badriddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor”. Imom Samhudiy so‘zlarini davomida shunday deydi: “Bir mazhabda yurishda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor:
“Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati). Demak, mazhabga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi”.
Mashhur alloma A. Laknaviy hazratlari o‘zlarining “Majmuatul fatovo” kitoblarida Shoh Valiyulloh Dehlaviyning quyidagi so‘zlarini keltirganlar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofeiylarni ham, hanbaliylarni ham, molikiylarni ham mazhabi tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham yetib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi, ijtihod darajasiga yetmagan kishilarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo‘ladi. Makkada va Madinada yashovchi kimsalarga unday emas. Chunki u yerda barcha mazhablarni topish imkoniyati bor”.
Yuqoridagi yetuk ulamolarning bu mavzudagi fatvo va xulosalarini ko‘plab keltirish mumkin. Bundan bizning yurtimizda faqatgina Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilish lozim ekani ma’lum bo‘lmoqda. Allohga hamdlar bo‘lsinki, bir necha asrlardan beri ota-bobolarimiz mazkur mazhabga og‘ishmay amal qilib kelmoqdalar.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz o‘zlari ilmiy ko‘nikma hosil qilmagan bo‘lsalar-da: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar.
Mashhur ulamolarimizdan Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh o‘zlarining “Mazhabsizlik Islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’atdir” nomli kitoblarida hozirgi mazhabsizlarning voqeligini izohlab shunday deganlar: “Shubhasiz ular (ya’ni, mazhabsizlar)ning hammalari bevosita Qur’on va sunnatdan hukm olishni da’vo qiladilar. Ular o‘zini xuddi sanad, dalillar va roviylarning bilimdoni va tadqiqotchisidek tutsa-da, aslida biz ana shu odamlarning orasida butunlay savodsizlarining ko‘p guvohi bo‘ldik”.

Demak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlari Imomi A’zam rahmatullohi alayhning mazhablariga ergashishlari lozim va lobuddir.
 
 

Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri "Abdulqodir qori" jome masjidi imom xatibi

Manba: @SOFTALIMOTLAR

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qilinmagan ishga haq olish

01.07.2026   2928   1 min.
Qilinmagan ishga haq olish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Direktorimiz menga 15 soat dars yozgan. Lekin men 10 soat dars o‘taman. Direktor o‘tilmayotgan 5 soatning pulini menga berasiz, men u pulni maktabning turli to‘lovlarga ishlataman, dedi. Uning bu gapi qanchalik rost bilmayman. Shu vaqtgacha uning aytgani bo‘yicha 5 soatning pulini unga berib kelyapman. Direktorning ortiqcha ish soati yozib, pulini olishi halolmi, mening bu ishga rozi bo‘lganim-chi?

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu ish o‘zganing haqini nohaq o‘zlashtirish bo‘lib, buni Alloh taolo O‘z kalomida ochiq-oydin taqiqlagan:

﴿وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ﴾

“Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yo‘llar bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi” (Abu Ya’lo, Bazzor va boshqalar rivoyati).

Direktoringizning maktab chiqimlarini ro‘kach qilib olayotgan pullari halol emas. Darhol bu ishni tark etib tavba qilishi, sizga o‘tadigan dars soatlaringizni to‘g‘ri yozishi lozim.

Sizning uning taklifiga rozi bo‘lishingiz ham gunoh sanaladi. Chunki shariatimizda ma’siyatlarga yordam berish ham gunoh sanaladi. Shuning uchun siz unga qilayotgan ishini xato ekanini bir ilojini qilib tushuntiring va bu ish uning boshiga dunyoda ham, oxiratda ham ulkan musibatlar olib kelishini ayting. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Maqolalar