Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, ustoz Zayniddin domla Eshonqulov xizmat safari bilan Polsha Respublikasida bo‘lib turibdi.
Kecha, 24 noyabr kuni shom namozini ado etish maqsadida Polsha Respublikasi poytaxti Varshavadagi “Markaziy” masjidga tashrif buyurildi. Zayniddin domla Eshonqulov shom namoziga imomlikka o‘tib, namozdan so‘ng, namozxonlar va vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbat o‘tkazildi.
Shuningdek, tashrif davomida Polsha muftiysi Tomash Mitskevich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilinib, muftiy janoblari Imom Buxoriy majmuasi ochilishi va Islom sivilizatsiyasi markaziga taklif etildi. Tomash Mitskevich mazkur taklifdan katta mamnuniyat izhor qilib, albatta O‘zbekistonga borish niyati borligini bildirdi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda ish olib borishga tayyorligini ta’kidladi.
Xufton namozi Varshavadagi “Fotih” masjidida ado etildi. Namozdan keyin vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazilib, safar odoblari, yurtdan uzoqda bo‘lganda ham oila va yaqinlar bilan aloqani uzmaslik, silai rahimni unutmaslik kabi muhim masalalar haqida ma’ruza qilindi. Tashrif davomida yurtdoshlarimizning savollariga javob berildi va duoi-xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Indoneziya OAVlarida Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi, uning yakunlari va xalqaro ahamiyati keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Xususan, “Garuda TV”, “Indonesiainside”, “Kabarsurya”, “Apaberita”, “Retizen (Republika)” “Kalimantan Post”da turli materiallar e’lon qilindi.
Ta’kidlanishicha, “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” shiori ostida tashkil etilgan forumda ko‘plab mamlakatlardan olimlar, din arboblari, ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari faol ishtirok etgan.
Indoneziya ommaviy axborot vositalari forumning eng muhim natijalari sifatida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinganiga alohida e’tibor qaratdi. Islom sivilizatsiyasi merosini raqamlashtirish, elektron kutubxona va yagona reyestr yaratish, muzeylar hamda tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar forumning muhim amaliy natijalari sifatida baholandi.
Maqolalarda O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Samarqand, Buxoro va Termiz kabi shaharlarning jahon ilm-fani hamda islom madaniyati rivojida tutgan o‘rni yuksak baholangan.
Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy singari buyuk allomalarning ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Indoneziya ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan materiallar tahlili shuni ko‘rsatadiki, I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun muhim xalqaro ilmiy-ma’rifiy voqea sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati