Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, ustoz Zayniddin domla Eshonqulov xizmat safari bilan Polsha Respublikasida bo‘lib turibdi.
Kecha, 24 noyabr kuni shom namozini ado etish maqsadida Polsha Respublikasi poytaxti Varshavadagi “Markaziy” masjidga tashrif buyurildi. Zayniddin domla Eshonqulov shom namoziga imomlikka o‘tib, namozdan so‘ng, namozxonlar va vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbat o‘tkazildi.
Shuningdek, tashrif davomida Polsha muftiysi Tomash Mitskevich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilinib, muftiy janoblari Imom Buxoriy majmuasi ochilishi va Islom sivilizatsiyasi markaziga taklif etildi. Tomash Mitskevich mazkur taklifdan katta mamnuniyat izhor qilib, albatta O‘zbekistonga borish niyati borligini bildirdi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda ish olib borishga tayyorligini ta’kidladi.
Xufton namozi Varshavadagi “Fotih” masjidida ado etildi. Namozdan keyin vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazilib, safar odoblari, yurtdan uzoqda bo‘lganda ham oila va yaqinlar bilan aloqani uzmaslik, silai rahimni unutmaslik kabi muhim masalalar haqida ma’ruza qilindi. Tashrif davomida yurtdoshlarimizning savollariga javob berildi va duoi-xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy soha xodimlari o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarining tuman va shahar bosqichlariga start berildi.
Musobaqalar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va yangi kelajakni birga quramiz!» bosh g‘oyasi ostida tashkil etilmoqda. Ushbu tashabbus soha xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish hamda jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Sport tadbirlari dasturidan futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka kabi sport turlari o‘rin olgan.
Ilk saralash bahslari 23 iyul kuni tuman (shahar) bosqichlari bilan boshlandi. Unda viloyatdagi masjidlar imom-xatiblari, noiblar va vakillik xodimlari faol ishtirok etmoqda.
Hududiy bosqichlarda zafar quchgan ishtirokchilar va jamoalar Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkaziladigan viloyat final bosqichida g‘oliblik uchun kuch sinashadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati