Shu yilning 24–28 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xizmat safarida bo‘ladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Iordaniya bosh muftiysi va Fatvo markazi rahbari Ahmad Hasanot hazratlari, Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Xaloyala janoblari, Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish instituti rahbari doktor Abdusattor Qudo, Iordaniya xalqaro islom ilmlari universiteti rahbariyati va bir qator sohaga daxldor mutasaddilar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Safar davomida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
- memorandumlar va qo‘shma dasturlarda belgilangan vazifalarni amaliyotga joriy etish;
- Iordaniya Fatvo markazi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shar’iy masalalarga javoblar tayyorlash yuzasidan muloqotlar qilish;
- Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi va shu kabi kasb-mahoratni oshirish kurslarida diniy soha xodimlari sonini oshirish;
- iordaniyalik olimlar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish;
- ilmiy markazlar, ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ustoz va talabalar almashinuvini muhokama qilish;
- Iordaniyaning vaqf mulkchiligi, masjidlarni boshqarish, qadamjolarni saqlash tajribasini o‘rganish va o‘zaro ziyorat turizmini rivojlantirish;
- boshqa sohaga daxldor mutasaddi idoralar bilan hamkorlik masalalarini yo‘lga qo‘yish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Afsuski, biz xorijiy filmlarda er xotinini ovqatlantirsa, hayratlanamiz, ammo bir hadisni unutamiz: “Eng afzal sadaqa – er o‘z xotinining og‘ziga solgan luqmasidir”.
* * *
Odamlar gul sovg‘a qilishni G‘arb odati deb o‘ylaydilar, ammo quyidagi hadisni unutadilar: “Kimga rayhon taklif qilinsa, uni rad etmasin, chunki u yengil va xushbo‘ydir”.
* * *
G‘arblik er xotini uchun mashina eshigini ochsa, hayratlanamiz, lekin Xaybar g‘azotida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam charchagan bo‘lsalar-da, yerga o‘tirib, Sofiya onamizga muborak tizzalarini tutib, tuyaga mindirganlarini unutamiz. Jangdaki shunday bo‘lgan bo‘lsalar, uyda qanday bo‘lganlar?!
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Oysha onamiz roziyallohu anhoning bag‘rida vafot etdilar. Sajdada vafot etishlari mumkin edi, ammo xotinlarining quchog‘ini tanladilar.
* * *
Oysha onamiz u zot alayhissalom suv ichgan kosaning aynan o‘sha joyidan ichar edilar. G‘arb “etiketi” bunday paytda nima qiladi?
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Xotiningga yedirgan luqmang uchun ham ajr bor”. Bu – haqiqiy muhabbat va fidokorlik.
* * *
Oysha onamizdan: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uyda nima qilar edilar?” deb so‘ralganda u zot: “Kiyimlarini tikar, qo‘y sog‘ar, o‘zlariga va ahliga xizmat qilar edilar”, deganlar. G‘arb etiketida esa “O‘zingga o‘zing xizmat qil”, deyiladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ergashmagan kishi komil mo‘min emas.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV tarjimasi