Shu yilning 24–28 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xizmat safarida bo‘ladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Iordaniya bosh muftiysi va Fatvo markazi rahbari Ahmad Hasanot hazratlari, Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Xaloyala janoblari, Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish instituti rahbari doktor Abdusattor Qudo, Iordaniya xalqaro islom ilmlari universiteti rahbariyati va bir qator sohaga daxldor mutasaddilar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Safar davomida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
- memorandumlar va qo‘shma dasturlarda belgilangan vazifalarni amaliyotga joriy etish;
- Iordaniya Fatvo markazi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shar’iy masalalarga javoblar tayyorlash yuzasidan muloqotlar qilish;
- Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi va shu kabi kasb-mahoratni oshirish kurslarida diniy soha xodimlari sonini oshirish;
- iordaniyalik olimlar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish;
- ilmiy markazlar, ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ustoz va talabalar almashinuvini muhokama qilish;
- Iordaniyaning vaqf mulkchiligi, masjidlarni boshqarish, qadamjolarni saqlash tajribasini o‘rganish va o‘zaro ziyorat turizmini rivojlantirish;
- boshqa sohaga daxldor mutasaddi idoralar bilan hamkorlik masalalarini yo‘lga qo‘yish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Marg‘ilon shahridagi «Robiya hoji ona» jome masjidi zamonaviy me’morchilik talablari asosida qayta qurilmoqda. Mazkur xayrli tashabbus masjid jamoati uchun yanada qulay va munosib sharoitlar yaratish, ziyoratchilar va namozxonlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Bugun masjidning yangi xonaqoh binosiga ilk g‘isht qo‘yildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, ulamolar, nuroniylar ishtirok etdilar.
Marosimda keyingi yillarda yurtimizda masjidlarni obod qilish, namozxonlar uchun munosib sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Xususan, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga, jumladan, masjidlarni obodonlashtirish va faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Bunday ezgu ishlar yurtimizda diniy va milliy qadriyatlarga, ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan ma’naviy an’analarga bo‘lgan yuksak ehtiromning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘layotgani qayd etildi.
Marosim yakunida yangi masjid qurilishining xayrli va barakali bo‘lishi, uning tez fursatlarda sifatli tarzda bitkazilishi hamda ushbu maskanda ko‘plab namozxonlar ibodat qilib, ma’naviy-ma’rifiy ozuqa olishlari so‘rab duoyi xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyatidagi vakilligi matbuot xizmati