Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Oktabr, 2026   |   22 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:03
Quyosh
06:21
Peshin
12:12
Asr
16:16
Shom
18:06
Xufton
19:20
Bismillah
03 Oktabr, 2026, 22 Rabi`us soni, 1448
Yangiliklar

25.11.2025   8440   1 min.

Shu yilning 24–28 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xizmat safarida bo‘ladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Iordaniya bosh muftiysi va Fatvo markazi rahbari Ahmad Hasanot hazratlari, Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Xaloyala janoblari, Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish instituti rahbari doktor Abdusattor Qudo, Iordaniya xalqaro islom ilmlari universiteti rahbariyati va bir qator sohaga daxldor mutasaddilar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Safar davomida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

- memorandumlar va qo‘shma dasturlarda belgilangan vazifalarni amaliyotga joriy etish;

- Iordaniya Fatvo markazi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shar’iy masalalarga javoblar tayyorlash yuzasidan muloqotlar qilish;

- Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi va shu kabi kasb-mahoratni oshirish kurslarida diniy soha xodimlari sonini oshirish;

- iordaniyalik olimlar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish; 

- ilmiy markazlar, ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ustoz va talabalar almashinuvini muhokama qilish;

- Iordaniyaning vaqf mulkchiligi, masjidlarni boshqarish, qadamjolarni saqlash tajribasini o‘rganish va o‘zaro ziyorat turizmini rivojlantirish; 

- boshqa sohaga daxldor mutasaddi idoralar bilan hamkorlik masalalarini yo‘lga qo‘yish. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ustozga ehtirom – dinimiz talabi

29.09.2026   21886   5 min.
Ustozga ehtirom – dinimiz talabi

Inson hayotida shunday ulug‘ zotlar borki, ularning nomi qalbimizda bir umrga muhrlanadi.

Bizga ilk bor harf tanitgan, qo‘limizdan tutgan, ilm eshiklarini ochgan, yaxshi-yomonni anglashga, hayotda o‘z o‘rnimizni topishga yo‘l ko‘rsatgan ana shunday aziz insonlar ustoz va murabbiylardir.

Har yili 1 oktyabr yurtimizda O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Zero, jamiyatning ertangi kuni, mamlakatning taraqqiyoti, xalqning ma’naviy qiyofasi, avvalo, ustozlarning mashaqqatli va sharafli mehnati bilan chambarchas bog‘liq. Bugun maktab ostonasida ta’lim olayotgan farzand ertaga oila boshlig‘i, mutaxassis, rahbar, olim yoki jamiyatning faol a’zosiga aylanadi. Uning dunyoqarashi, odobi, bilimi va insonlarga munosabati shakllanishida esa ustozning o‘rni beqiyos.

Shu ma’noda, ustozlik shunchaki kasb emas. U inson qalbiga yo‘l topish, unga ilm va ma’rifat nurini ulashish, ezgulikka yo‘llash kabi yuksak mas’uliyatdir.

Islom dini ilm-ma’rifatga yuksak maqom bergan. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyatlaridayoq insonni o‘qish, bilish va tafakkur qilishga da’vat etilgani bejiz emas. Alloh taolo marhamat qiladi: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat).

Boshqa oyatda esa: «Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni yuksak (daraja) martabalarga ko‘tarur», deb marhamat qilinadi
(Mujodala surasi, 11-oyat).

Demak, ilm insonni yuksaltiruvchi, jamiyatni taraqqiy ettiruvchi, qalbni ma’rifat bilan yorituvchi buyuk ne’matdir. Ana shu ne’matni avloddan avlodga yetkazishda ustozlarning xizmati beqiyos.

Ustoz bolaga faqat kitobdagi ma’lumotni o‘rgatmaydi. U unga hayot sabog‘ini beradi. Vaqtni qadrlashni, mehnat qilishni, kattani hurmat, kichikni izzat qilishni, Vatanga sadoqatli bo‘lishni, insonlarga yaxshilik qilishni o‘rgatadi. Shu bois xalqimiz azaldan ustozni ulug‘lab, “Ustoz otangdek ulug‘”, deb bejiz aytmagan.

Aslida, insonning komilligi uning qancha narsani bilishi bilangina emas, balki bilganlarini hayotga qanchalik tatbiq eta olishi bilan ham belgilanadi. Bu borada murabbiyning o‘rni ayniqsa muhim. Chunki haqiqiy murabbiy ilm bilan axloqni, ta’lim bilan tarbiyani, bilim bilan mas’uliyatni bir-biriga uyg‘unlashtiradi.

Buyuk ajdodlarimiz hayotiga nazar tashlasak, ularning ilm olish yo‘lida ustozlariga ko‘rsatgan ehtiromiga guvoh bo‘lamiz. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ allomalarning kamoloti ortida ulkan mehnat, mashaqqat va ustozlardan olingan ta’lim-tarbiya bor.

Ilm ahli ustoz oldida odobni ilmning bir qismi deb bilgan. Zero, ustozga hurmat aslida ilmga hurmatdir. Ilmga hurmat esa insonni kamolot sari yetaklaydi.

Bugun ham farzandlarimizga shu tushunchani singdirishimiz zarur: ustozni hurmat qilish faqat bayram kunida tabriklash yoki sovg‘a berish bilan cheklanmaydi. Ustozning mehnatini qadrlash, uning nasihatlariga quloq tutish, darslarni puxta o‘zlashtirish, yaxshi xulq va odob bilan ustoz ishonchini oqlash  eng katta ehtiromdir.

Farzandiga ta’lim berayotgan o‘qituvchini hurmat qilgan ota-ona ham, ustozining mehnatini qadrlagan o‘quvchi ham aslida jamiyatning ma’naviy poydevorini mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

Ta’lim va tarbiya bir-biridan ajralmas tushunchalardir. Bilimli, ammo odobsiz insonning bilimi jamiyatga kutilgan foydani bermasligi mumkin. Shuning uchun ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy «Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir», deb bejiz aytmagan.

Murabbiyning vazifasi ana shu nuqtada yanada oydinlashadi. U yosh avlod qalbiga ezgulik urug‘ini qadaydi. Bugun aytilgan bir og‘iz samimiy nasihat, o‘z vaqtida bildirilgan bir yaxshi fikr, mehr bilan qilingan bir tanbeh ba’zan inson taqdirini butunlay o‘zgartirishi mumkin.

Ayniqsa, bugungi axborot asrida yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash, ularning ongida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ilm va ma’rifatga muhabbat uyg‘otish har bir ustoz va murabbiyning zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Har bir millatning kelajagini uning maktablari, ilm dargohlari va ustozlariga bo‘lgan munosabatiga qarab baholash mumkin. Chunki bugun auditoriyada, sinfxonada yoki ta’lim muassasasida o‘tirgan yoshlar ertangi kunning bunyodkorlaridir.

Ularning qalbiga qanday g‘oya singdirilsa, kelajak ham shunga yarasha shakllanadi. Agar yosh avlod ilmga chanqoq, Vatanga sadoqatli, ota-onaga mehribon, ustozga hurmatli, halol va mas’uliyatli bo‘lib kamol topsa, jamiyatning ma’naviy poydevori mustahkam bo‘ladi.

Alloh taolo barchamizni ilmni ulug‘laydigan, ustozni qadrlaydigan, ota-onaga yaxshilik qiladigan va jamiyatga, Vatanga manfaat keltiradigan solih insonlardan qilsin!

Abduqahhor domla YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari