Shu yilning 24–28 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xizmat safarida bo‘ladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Iordaniya bosh muftiysi va Fatvo markazi rahbari Ahmad Hasanot hazratlari, Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Xaloyala janoblari, Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish instituti rahbari doktor Abdusattor Qudo, Iordaniya xalqaro islom ilmlari universiteti rahbariyati va bir qator sohaga daxldor mutasaddilar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Safar davomida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
- memorandumlar va qo‘shma dasturlarda belgilangan vazifalarni amaliyotga joriy etish;
- Iordaniya Fatvo markazi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shar’iy masalalarga javoblar tayyorlash yuzasidan muloqotlar qilish;
- Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi va shu kabi kasb-mahoratni oshirish kurslarida diniy soha xodimlari sonini oshirish;
- iordaniyalik olimlar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish;
- ilmiy markazlar, ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ustoz va talabalar almashinuvini muhokama qilish;
- Iordaniyaning vaqf mulkchiligi, masjidlarni boshqarish, qadamjolarni saqlash tajribasini o‘rganish va o‘zaro ziyorat turizmini rivojlantirish;
- boshqa sohaga daxldor mutasaddi idoralar bilan hamkorlik masalalarini yo‘lga qo‘yish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Avvalo, siz, azizlarni 27 sentyabr – Butunjahon turizm kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bugungi kunda turizm mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadigan, minglab yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan istiqbolli tarmoqqa aylanib bormoqda.
Keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilgani, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengaytirilgani, tadbirkorlar uchun ko‘plab soliq hamda bojxona imtiyozlari joriy qilingani soha rivojiga yangi shiddat bermoqda.
Buning tasdig‘ini 2025 yilda O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 2016 yilga nisbatan salkam 6 barobar oshib, qariyb 12 million nafarga yetgani, turizm xizmatlari eksporti 11 karra ko‘payib, 4 milliard 800 million AQSH dollarini tashkil etgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Mamlakatimizning global turizm siyosatidagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekistonning tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2027 yil Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili, deb e’lon qilingani, BMT Turizm tashkiloti respublikamizni dunyodagi eng tez o‘sayotgan beshta sayyohlik yo‘nalishiga kiritganini ta’kidlash lozim.
Albatta, bunday yutuqlar zamirida yurtimizdagi minglab turoperator va turagentlar, mehmonxona va oilaviy mehmon uylari xodimlari, gid va ekskursovodlar, restoratorlar, transport va servis kompaniyalari vakillari, hunarmandlar, madaniyat namoyandalari, muzey xodimlari, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli mehnati mujassamdir.
Fursatdan foydalanib, ushbu yo‘nalishlarda sidqidildan xizmat qilayotgan barcha soha xodimlariga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Hurmatli yurtdoshlar!
Yangi O‘zbekistonimizning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy majmualari, Zamonaviy san’at markazi kabi ko‘plab maskanlar butun xalqimiz qatori xorijiy sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Biz bu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirib, go‘zal diyorimizni jahondagi zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi yanada rivojlangan eng mashhur turizm markazlaridan biriga aylantirishga qaror qilganmiz. Shu maqsadda Xivada o‘zida tarix va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan xalqaro turistik shaharcha, kongress markazi va tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish, Ichanqal’ani raqamli texnologiyalar asosida “aqlli” muzey-majmuaga aylantirishni rejalashtirganmiz.
Samarqandda esa noyob eksponatlar jamlangan Ipak yo‘li muzeyi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘istonda arxeologik yodgorliklar bo‘ylab yangi turistik yo‘nalishlar ochiladi. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida “G‘ilon”, Namangan viloyatining Pop tumanida “Arashan” kabi yangi majmualar tashkil etiladi.
Sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yagona milliy turizm platformasini ishga tushirish, sayyohlik xizmatlarini bitta tizimga integratsiya qilish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, kadrlar malakasini muntazam oshirib borish ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Gastronomik, ekologik, ziyorat, tibbiyot, tog‘ va sarguzasht, ishbilarmonlik, etno va qishloq turizmi kabi yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yo‘nalishlarni jadal rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.
Ana shunday dolzarb vazifalarni amalga oshirish orqali biz 2030 yilga borib, xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirish, yuqori toifadagi mehmonxonalar sonini esa ikki karra ko‘paytirishni maqsad qilganmiz.
Bunday ulkan marralarni egallashda, avvalo, o‘z hayotini turizm sohasi bilan bog‘lagan, yurtimizni, uning qadimiy tarixi va madaniyatini dunyoga targ‘ib etishni o‘zining professional burchi deb biladigan sizlar kabi tashabbuskor va tashkilotchi insonlarga tayanamiz.
Hech shubhasiz, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, xodimlarning fidokorona mehnatini munosib rag‘batlantirish bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Shu munosabat bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi” faxriy unvonini ta’sis etsak, o‘ylaymanki, bu taklifni barchangiz qo‘llab-quvvatlaysiz.
Sizlarni Butunjahon turizm kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, sharafli faoliyatingizda omad va zafarlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti