Shu yilning 24–28 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xizmat safarida bo‘ladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Iordaniya bosh muftiysi va Fatvo markazi rahbari Ahmad Hasanot hazratlari, Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Xaloyala janoblari, Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish instituti rahbari doktor Abdusattor Qudo, Iordaniya xalqaro islom ilmlari universiteti rahbariyati va bir qator sohaga daxldor mutasaddilar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Safar davomida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
- memorandumlar va qo‘shma dasturlarda belgilangan vazifalarni amaliyotga joriy etish;
- Iordaniya Fatvo markazi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shar’iy masalalarga javoblar tayyorlash yuzasidan muloqotlar qilish;
- Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi va shu kabi kasb-mahoratni oshirish kurslarida diniy soha xodimlari sonini oshirish;
- iordaniyalik olimlar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish;
- ilmiy markazlar, ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ustoz va talabalar almashinuvini muhokama qilish;
- Iordaniyaning vaqf mulkchiligi, masjidlarni boshqarish, qadamjolarni saqlash tajribasini o‘rganish va o‘zaro ziyorat turizmini rivojlantirish;
- boshqa sohaga daxldor mutasaddi idoralar bilan hamkorlik masalalarini yo‘lga qo‘yish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Pokistonning “The Diplomatic Insight” jurnali navbatdagi sonida O‘zbekiston hayotiga doir turkum maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Xususan, jurnal sahifalaridan O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, mamlakatimizning xalqaro nufuzi, tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqolalar o‘rin olgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi va Yangi Toshkent shahrida o‘tkazilgan tantanali tadbirga bag‘ishlangan maqolalar jurnalning bosh sahifalaridan o‘rin olgan.
Materiallarda mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi, poytaxtning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, Yangi Toshkentni zamonaviy, innovatsion va inson uchun qulay shahar sifatida barpo etish borasidagi keng ko‘lamli ishlarga e’tibor qaratilgan.
Jurnalda 25–29 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasi markazi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumda ishtirok etgan “The Diplomatic Insight” bosh muharriri Asif Nur qalamiga mansub maqolalar ham yoritilgan.
Ularda islom sivilizatsiyasining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni, uning ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarining roli haqida so‘z yuritiladi.
Ayniqsa, O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalar va mutafakkirlarning ilmiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga urg‘u berilgan.
Mazkur materiallar O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va bugungi islohotlarini xalqaro auditoriyaga yetkazishda media diplomatiyasining ahamiyatini ko‘rsatib beradi. Xususan, islom sivilizatsiyasiga oid ilmiy va madaniy merosni xolis hamda zamonaviy axborot vositalari orqali yoritish xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hurmatni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati