Shu yilning 24–28 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xizmat safarida bo‘ladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Iordaniya bosh muftiysi va Fatvo markazi rahbari Ahmad Hasanot hazratlari, Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Xaloyala janoblari, Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish instituti rahbari doktor Abdusattor Qudo, Iordaniya xalqaro islom ilmlari universiteti rahbariyati va bir qator sohaga daxldor mutasaddilar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Safar davomida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
- memorandumlar va qo‘shma dasturlarda belgilangan vazifalarni amaliyotga joriy etish;
- Iordaniya Fatvo markazi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shar’iy masalalarga javoblar tayyorlash yuzasidan muloqotlar qilish;
- Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi va shu kabi kasb-mahoratni oshirish kurslarida diniy soha xodimlari sonini oshirish;
- iordaniyalik olimlar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish;
- ilmiy markazlar, ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ustoz va talabalar almashinuvini muhokama qilish;
- Iordaniyaning vaqf mulkchiligi, masjidlarni boshqarish, qadamjolarni saqlash tajribasini o‘rganish va o‘zaro ziyorat turizmini rivojlantirish;
- boshqa sohaga daxldor mutasaddi idoralar bilan hamkorlik masalalarini yo‘lga qo‘yish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab ma’rifat ulashuvchi zahmatkash ustozlarimizga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda. Shu munosabat bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan diniy ta’lim muassasalari pedagog va xodimlari holidan xabar olinib, bayram tuhfalari ulashildi.
Xususan:
Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ustoz va xodimlariga 40 million so‘mlik moddiy ko‘mak hamda oziq-ovqat jamlanmalari topshirildi.
Hadis ilmi maktabida soha fidoyilari ishtirokida ma’rifiy davra suhbati tashkil etilib, mudarris va xodimlarga bayram ehsonlari ulashildi, xayrli duolar qilindi.
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida 6 nafar ustozga 5 million so‘mdan (jami 30 million so‘mlik) xayriya sertifikatlari, yana 16 nafar muallima va xodimlarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Ta’lim muassasalari jamoalari ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda “Vaqf” fondiga samimiy minnatdorlik bildirdilar.
Alloh taolo kelajak avlodni tarbiyalash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan barcha aziz ustozlarimizning ilm va amallariga baraka bersin, kasb bayramingiz muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati