Shu yilning 24–28 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xizmat safarida bo‘ladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Iordaniya bosh muftiysi va Fatvo markazi rahbari Ahmad Hasanot hazratlari, Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Xaloyala janoblari, Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish instituti rahbari doktor Abdusattor Qudo, Iordaniya xalqaro islom ilmlari universiteti rahbariyati va bir qator sohaga daxldor mutasaddilar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Safar davomida quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
- memorandumlar va qo‘shma dasturlarda belgilangan vazifalarni amaliyotga joriy etish;
- Iordaniya Fatvo markazi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shar’iy masalalarga javoblar tayyorlash yuzasidan muloqotlar qilish;
- Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi va shu kabi kasb-mahoratni oshirish kurslarida diniy soha xodimlari sonini oshirish;
- iordaniyalik olimlar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish;
- ilmiy markazlar, ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ustoz va talabalar almashinuvini muhokama qilish;
- Iordaniyaning vaqf mulkchiligi, masjidlarni boshqarish, qadamjolarni saqlash tajribasini o‘rganish va o‘zaro ziyorat turizmini rivojlantirish;
- boshqa sohaga daxldor mutasaddi idoralar bilan hamkorlik masalalarini yo‘lga qo‘yish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Xorazm viloyati vakilligi majlislar zalida hududdagi imom-xatiblar ishtirokida navbatdagi an’anaviy «Ma’naviyat soati» tashkil etildi.
Yig‘ilishda bugungi kunda yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur tadqiq etish hamda uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi tomonidan nashr etilgan «Fatvolar to‘plami» kitobining 3-jildi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur nashr diniy-ma’rifiy soha xodimlari va mo‘min-musulmonlar uchun muhim dasturilamal ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda buyuk muhaddis Imom at-Termiziy tavalludining 1200 yilligini yuksak saviyada nishonlash, joylardagi masjidlarda ushbu sanaga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlar va davra suhbatlarini puxta tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati