Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari
Ko‘cha chekkasida ul-bul sotib turgan ayolning oldiga bir otaxon kelib, juda zarur bo‘lib qolganini aytib, ayoldan pul so‘radi. Ayol uni tanimasligi va ishonolmasligini aytdi. Otaxon: “Siz Xudoga ishonasizmi?” dedi. Ayolning rangi oqardi: “Bu qanday savol bo‘ldi? Alhamdulillah, albatta, ishonaman”, dedi. Otaxon: “Unda menga ham ishoning. Chunki men ham musulmonman. Sizga shu kifoya qilmaydimi?” dedi. Ayol: “Kifoya qiladi”, dedi va cho‘ntagida bor pulini berib yubordi. Otaxon keta turib: “Bu pulni tushlikdan so‘ng qaytaraman”, dedi. Ayol uning ortidan siniq jilmayib qoldi. So‘ng o‘ylandi: “Ha, bu mening bor pulim edi. Lekin shunday qo‘rqib ketdimki, agar pulimni bermasam iymonim xavfda qoladigandek bo‘ldi. Endi bolalarimga nima ovqat qilib beraman?..”
Otaxon undan pul so‘rashdan oldin o‘g‘lini birga olib kelib, yaqinroq joyda o‘tirib turishini so‘ragan edi. Otaxon o‘g‘lining yoniga yetgach, o‘g‘li otasiga: “Nega bunday qildingiz? Axir o‘zimiz zakotimizni loyiq kishiga berish uchun chiqmaganmidik?” deb so‘radi.
Otaxon o‘g‘liga bir kuni shu ko‘chadan o‘tayotib ayolning kim bilandir telefonda gaplashgani, u o‘g‘lini davolatishi kerakligi haqida gapirgani, zakotni unga berishdan oldin bir sinab ko‘rganini aytdi. So‘ng ko‘zlarida yosh aylanib: “Menga eng ta’sir qilgani nima, bilasanmi, o‘g‘lim?” dedi. O‘g‘li unga savol nazari bilan boqdi. Shunda otaxon: “Ayol o‘zi muhtoj bo‘laturib, o‘zi tanimagan bir odamga “Musulmonligingiz kifoya” deya bor pulini berib yubordi. Buning naqadar katta ishonch ekanini anglayapsanmi? Bugungi zamonda ana shunday ulug‘ nomga, ishonchga xiyonat qilayotganlar uchrayapti. Bolam, hech qachon yodingdan chiqarma – musulmonlik nomiga munosib yasha. Musulmonlar sha’niga aslo dog‘ tushirma!” dedi.
So‘ng ota va o‘g‘il ayolga pullarini qaytarib, niyatlarini bildirib, o‘sha zakot uchun atagan pullarini ham berib, rahmat aytib ketishdi. Ayol Allohga hamdlar aytib, endi o‘g‘lining shifo topishi mumkinligidan quvonib, tezda uyiga yo‘l oldi.
Akbarshoh Rasulov