Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyun, 2026   |   8 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
23 Iyun, 2026, 8 Muharram, 1448
Maqolalar

"Osonlashtiring!"

27.11.2025   8182   1 min.

Islom mutaassiblikka mutlaqo aloqasi bo‘lmagan dindir. U o‘ziga e’tiqod qiluvchilarni torlikka chaqirmaydi. Islom manbalari – Qur’on va sunnatda mutaassiblikka undovchi biror narsa yo‘q. Aksincha, kishilarni islomga undash Qur’oni karim ko‘rsatib berganidek, hikmat, go‘zal mav’iza va chiroyli bahs ila amalga oshiriladi. Bu esa mutaassiblik, biror masalani tor olishga butkul teskari bo‘lgan uslubdir.

Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarning birida: "Osonlashtiring – qiyinlashtirmang, xushxabar bering nafratlantirmang", - deya marhamat  qilinadi. Ushbu chaqiriq mutaassiblikni inkor etadi. Zero, mutaassiblikdan nafrat, bag‘rikenglikdan esa xushxabar yuzaga keladi. Demak, islom mutaassiblikni inkor etar ekan, u terrorni, tinch aholi orasida vahima keltirib chiqarishni va begunoh insonlarning qonini to‘kishni ham qoralaydi. Islomning nazdida bir odamning joniga qasd qilish butun insoniyatning joniga qasd qilish bilan barobardir.

Qur’oni karimda bu haqda: "Kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi", - deyiladi. (Moida surasi, 32-oyat) Shunday ekan, islomni mutaassiblik bilan bog‘lash yanglishishdir. Din nomidan qo‘poruvchiliklar qilishning muqaddas islom ta’limotiga mutlaqo aloqasi yo‘q.

Abduvahob Yaqubboyev,

Namangan tumani "Mirzaboy Xolto‘raboy" masjidi imom-xatibi

@SOFTALIMOTLAR

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Farzandning otaga imom bo‘lishi

22.06.2026   5261   1 min.
Farzandning otaga imom bo‘lishi

Savol: Men bir hadis o‘qib qoldim. Unda otaga imomlik qilib bo‘lmaydi, deyilgan. Otaga imomlik qilib bo‘lmaydimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan hadis emas, balki tobeinlarning ulug‘ olimlaridan bo‘lgan Ato ibn Abu Raboh rahimahullohga mansub gapdir. U zot o‘z so‘zlarini otaga ehtirom ko‘rsatish, uning oldida odob bilan turishga targ‘ib ma’nosida aytganlar. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra har bir masjidda unga tayinlangan doimiy imomi eng haqli bo‘ladi. Hatto otasi yoki undan ko‘ra faqih yoki taqvodorroq odam turganda ham u imomlikka o‘tishga haqli bo‘laveradi.

Shuningdek, namoz qoidalari va qiroatni namozni ado etadigan darajada biladigan inson o‘z uyida imomlikka o‘tishda boshqalardan ko‘ra haqli hisoblanadi. Bu holatda ota va boshqalar teng bo‘ladi. Faqatgina sulton yoki uning noibi uy egasi va masjid imomidan ko‘ra haqli sanaladi. Inson yoki doimiy imom o‘zi haqli bo‘lsa-da, o‘sha yerda undan afzalroq odam bo‘lsa, unga imomlikka o‘tishni taklif qilishi mustahab sanaladi.

Demak, farzand o‘z uyida yoki o‘zi imom bo‘lgan masjidda imomlikka o‘tishi otadan ko‘ra haqli bo‘lsa-da, unga taklif qilish yoki uning ruxsati bilan o‘zi o‘tishi afzal va odob hisoblanadi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi