Bismillahir Rohmanir Rohiym
Duoda insonning Alloh nazdidagi qulligi butun mohiyati va haqiqati bilan namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham aynan duo paytida qul Parvardigorining cheksiz saxovatidan umid qilgan holda o‘zining ojizligini, zaifligini va Allohning marhamatiga muhtoj ekanini qalban izhor etadi. Axir haqiqiy bandalik – bu har qanday xayrli ishlarni bajarishga va gunohlarni tark etishga kuch-quvvat faqat Allohdan kelishiga va barcha yaxshilik va meribonliklarning manbai Uning o‘zi ekaniga iqror bo‘lish emasmi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Duo – ibodatning mag‘zidir” (Anas ibn Molik roziyallohu anhudan imom Termiziy rivoyati).
Boshqa rivoyatga ko‘ra: “Duo – ibodatdir” (No‘mon ibn Bashirdan imom Abu Dovud va imom Termiziy rivoyati).
Ya’ni hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duoni barcha narsaning asosi sifatida ko‘rsatdilar. Modomiki, ibodatning ruhi bandaning o‘zini xoru faqir bilib, kamtar tutishligi deydigan bo‘lsak, bu narsa esa aynan duo vaqtida ko‘proq namoyon bo‘lib, kamoliga yetadi.
"Axloqus solihiyn" (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
11 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritib kelayotgan Namangan viloyati vakilligi jamoasiga zamonaviy «Leapmotor» rusumli xizmat avtomobili tantanali ravishda topshirildi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani izchil rivojlantirish, milliy-diniy qadriyatlarimizni ravnaq toptirish hamda diniy soha xodimlari samarali faoliyat yuritishi uchun qulay sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar hayotga tatbiq etilayotganini e’tirof etdilar.
Ana shunday xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan hududiy vakilliklarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning faoliyat sharoitlarini yanada yaxshilash hamda xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Namangan vakilligi uchun yangi, barcha qulayliklarga ega binolar ajratilib, zarur mablag‘lar yo‘naltirilgani bunga yorqin misoldir. Mazkur ezgu sa’y-harakatlarning davomi sifatida viloyat vakilligiga yangi xizmat avtomobili ham taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Namangan viloyati vakilligi yangi binosining ochilish marosimida hududdagi diniy-ma’rifiy faoliyatni yanada jonlantirish va xizmat ko‘lamini kengaytirish maqsadida yangi xizmat avtomobili ajratilishini ma’lum qilgan edilar.
Topshirish jarayonida senator, “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov, Diniy idoraning Moliyaviy tahlil va nazorat bo‘limi boshlig‘i Islomiddin domla Zuhriddinov, Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samatov, faxriylar, nuroniylar va diniy soha xodimlari ishtirok etdi.
Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik soha xodimlarining mas’uliyatini yanada oshirish, hududiy vakillik faoliyatini zamon talablari asosida samarali tashkil etish hamda joylardagi diniy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Alloh taolo ushbu xayrli va savobli ishlarga hissa qo‘shgan barcha mutasaddilardan rozi bo‘lsin, ushbu ezgu tashabbuslarni xayrli va davomli qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati