Bismillahir Rohmanir Rohiym
Duoda insonning Alloh nazdidagi qulligi butun mohiyati va haqiqati bilan namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham aynan duo paytida qul Parvardigorining cheksiz saxovatidan umid qilgan holda o‘zining ojizligini, zaifligini va Allohning marhamatiga muhtoj ekanini qalban izhor etadi. Axir haqiqiy bandalik – bu har qanday xayrli ishlarni bajarishga va gunohlarni tark etishga kuch-quvvat faqat Allohdan kelishiga va barcha yaxshilik va meribonliklarning manbai Uning o‘zi ekaniga iqror bo‘lish emasmi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Duo – ibodatning mag‘zidir” (Anas ibn Molik roziyallohu anhudan imom Termiziy rivoyati).
Boshqa rivoyatga ko‘ra: “Duo – ibodatdir” (No‘mon ibn Bashirdan imom Abu Dovud va imom Termiziy rivoyati).
Ya’ni hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duoni barcha narsaning asosi sifatida ko‘rsatdilar. Modomiki, ibodatning ruhi bandaning o‘zini xoru faqir bilib, kamtar tutishligi deydigan bo‘lsak, bu narsa esa aynan duo vaqtida ko‘proq namoyon bo‘lib, kamoliga yetadi.
"Axloqus solihiyn" (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Bugun, 2 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi "Mushki anbar" jome masjidida juma namozini mo‘min-musulmonlar bilan birga ado etdilar.
Jamoat namozidan avvalgi mav’izada islomning eng go‘zal xulqi bo‘lmish hayo va iffat, ma’naviy poklik hamda bugungi kunning dolzarb ijtimoiy masalalari haqida ta’sirli suhbat qilindi.
Muftiy hazratlari Payg‘ambarimiz alayhissalomning: “Hayo imondandir, imonning joyi esa jannatdir. Behayolik esa jafodandir, jafoning joyi do‘zaxdadir”, degan muborak hadislarini keltirib, jannatdan umidvor har bir mo‘min hayoni o‘ziga shior qilishi lozimligini ta’kidladilar. Hayo – insonni yomonlik va gunohlardan to‘sib turuvchi eng go‘zal ziynatdir.
Suhbat davomida internetdagi behayoliklar va gunoh ishlarni oddiy hazil sifatida talqin qilishning og‘ir oqibatlari tushuntirildi. Qur’oni karimdagi: “Albatta, imon keltirgan kishilar orasida buzuqliklar tarqalishini xush ko‘radigan kimsalar uchun dunyoda ham, oxiratda ham alamli azob bordir” ("Nur" surasi, 19-oyat), degan qat’iy ogohlantirish eslatilib, bunday illatlar yoshlar qalbini ko‘r qilib, oilalar yemirilishiga sabab bo‘layotgani aytildi.
Shuningdek, jamiyatdagi zararli illatlar va ularning muolajasi haqida ham so‘z yuritildi.
Yakunda yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati