3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Buxoro viloyatidagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar tomonidan jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olindi. Tashriflar davomida ularning muammo va ehtiyojlari o‘rganilib, ahvolidan xabar olish, ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish hamda e’tibor-ehtimom bildirish maqsadida bir qator xayrli tadbirlar amalga oshirildi.
Islom dini inson qadrini barcha narsadan ustun qo‘yadi. Qur’oni karim oyatlari va muborak hadislarda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga mehr-shafqat ko‘rsatish, ularga madad berish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid ko‘plab o‘git va tavsiyalar bayon etilgan. Mazkur xayrli tashabbuslar ham ana shu oliy insoniy va islomiy qadriyatlarning amaliy ifodasi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati