2025 yil 05 dekabr kuni Namangan viloyati vakilligida bosh qomusimiz qabul qilingani munosabati bilan Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan diniy soha xodimlari o‘rtasida Muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining kitoblari asosida ZAKOVAT intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshed Xatamov, Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinovlar so‘zga chiqib bellashuv ishtirokchilariga omad tilashdi.
Mazkur bellashuv diniy soha xodimlarining aqliy faolligini oshirish, o‘zaro jamoaviy hamfikrligini qo‘llab-quvvatlash, hamjihatlikni mustahkamlash, ilmiy salohiyatlarini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Jami 14 jamoa ishtirok etgan ZAKOVAT intellektual o‘yini qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Intellektual o‘yinning yakuniy natijalariga ko‘ra;
1-o‘rin Namangan shahar imomlarini "ZIYO" jamoasi,
2-o‘rin Uychi tumani imomlarini "Axsi" jamoasi,
3-o‘rin To‘raqo‘rg‘on tumani imomlarini "Qadim Axsikent" jamoasiga nasib qildi.
G‘oliblarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyat vakilligining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Savol: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota jannatning o‘rta eshigidir. Xohla, bu eshikni saqla, xohla zoye qil”, degan ekanlar. Shuni izohlab bersangiz. O‘rta eshik deganda nima tushuniladi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Ha, haqiqatan ham shunday hadis bor, uni imom Termiziy rahimahulloh Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ota jannat eshiklarining o‘rtasidir. Xohlasang, o‘sha eshikni muhofaza qil yoki zoye qil”, deganlarini eshitganman”.
Muhaddis ulamolar mazkur hadisni sharhlab, mazmunini tushuntirib berganlar. “O‘rta” deb tarjima qilingan so‘z hadisda “avsat” deb kelgan. Avsat so‘zining bir emas, bir necha ma’nolari bor. O‘rta degan ma’nodan tashqari eng yaxshi, eng to‘g‘ri, mo‘tadil degan ma’nolarda ham keladi.
Boshqa ulamolar bunday deyishgan: “Albatta, jannatning bir necha eshiklari bor va ularning ichida kirish uchun eng go‘zali o‘rtadagisidir. O‘sha o‘rta eshikdan kirishga sabab bo‘ladigan amal esa ota-onaning haqlarini ado etishdir”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi