So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar mamlakat taraqqiyotining barcha yo‘nalishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, xalqimizning turmush sifati va farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, inson manfaatlari ustuvorligi, fuqarolarning kafolatlangan huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar jamiyatning har bir qatlami hayotida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Mazkur jarayonlarning huquqiy zamini sifatida esa yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi alohida ahamiyatga ega.

Qolaversa, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar tasodifiy emas, balki xalqimiz muallifligida ishlab chiqilgan yirik strategiyalar – “Harakatlar strategiyasi”, “Taraqqiyot strategiyasi” hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga asoslanadi. Bu strategiyalarda ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi hayot sifatini yaxshilash, insonning o‘z imkoniyatini to‘la namoyon qilishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish eng ustuvor vazifalar qatorida belgilab qo‘yilgan.
Huquqiy islohotlar va xalqparvar siyosatning izchillik bilan amalga oshirilishi esa, Konstitutsiyani ham zamon talablariga mos holda yangilash zaruratini yuzaga keltirgan edi. Shu bois, konstitutsiyaviy islohotlar natijasida inson huquq va erkinliklari qonunlarimiz, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi zarurligi qat’iy talab sifatida belgilab qo‘yildi. Bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ldi.
2017 yildan boshlab amalga oshirilgan huquqiy islohotlar natijasida qonunlarimizda insonparvarlik mezonlari kuchaytirilgan bo‘lsa-da, amaliyotda ayrim hollarda davlat xizmatchilari tomonidan qonun normalarining noprofessional yoki bir yoqlama talqin etilishi fuqarolarda adolatsizlikka nisbatan e’tirozlarni keltirib chiqarar edi.
Shu bois, qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘lishi shart va zarur ekanligi yangi norma sifatida belgilandi. Bunga ko‘ra, inson va davlat o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etildi, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklari oldi olindi. Konstitutsiyada davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi mustahkamlandi.
Ilk marotaba har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi konstitutsiyaviy norma sifatida belgilandi. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.
Qolaversa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning eng muhim jihatlaridan biri – O‘zbekiston tarixida ilk marta “ijtimoiy davlat” sifatida huquqiy maqomga ega bo‘ldi. Bu o‘zgarishning mohiyati shundaki, insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik davlat faoliyatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Konstitutsiyaning 14-moddasida davlat faoliyati inson farovonligi va jamiyatning barqaror rivojlanishiga qaratilgani belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, 43-modda fuqarolarning bandligini ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish va kambag‘allikni kamaytirish borasida davlatning aniq majburiyatlarini belgilab berdi.
Bosh qomusdagi bu kabi o‘zgarishlar mamlakatda ijtimoiy adolatni qaror toptirish, aholining ehtiyoji baland bo‘lgan ijtimoiy qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, hayot darajasini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatining huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, yangi islohotlarga muvofiq, endilikda shaxs sud qarorisiz 48 soatdan ziyod ushlab turilishi mumkin emas. Ushlab turish qonuniyligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinadi. Qolaversa, shaxsni ushlash paytida unga tushunarli tilda uning huquqlari tushuntirilishi shart. Ayblanuvchi o‘zini ayblovdan himoya qilish huquqiga ega, o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi (“Miranda qoidasi”) konstitutsiyaviy normaga aylandi.
Bu o‘zgarishlar inson sha’ni, qadri va erkinligini ta’minlashda xalqaro standartlarga mos huquqiy mexanizmlar joriy etilganini anglatadi.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizda kechayotgan islohotlarning huquqiy asosini mustahkamlab, har bir fuqaro uchun munosib hayot kafolatlarini yaratib berdi. Inson huquqlari, ijtimoiy himoya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qonuniylik va adolat kabi sohalarda joriy etilgan yangi normalar yurtimizning istiqboldagi farovon taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda bugungi Konstitutsiya – bu faqat qonunlar to‘plami emas, balki xalqimiz qadriyatlari, intilishlari va Yangi O‘zbekistonning kelajak strategiyasini belgilab beruvchi bosh dastur bo‘lib qolmoqda. U jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qiluvchi, inson qadrini ulug‘laydigan, adolat va qonuniylik ustuvor bo‘lgan yangi huquqiy makonni yaratib berdi.
Muqaddasxon AHMЕDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati