Toshkent viloyatida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan viloyat imom-xatiblari va noiblari o‘rtasida “Siz qonunni bilasizmi?” mavzusida ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda diniy soha xodimlarining huquqiy savodxonligi, Konstitutsiya haqidagi bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
Tanlovda g‘oliblar aniqlanib, ulaga esdalik sovg‘alari hamda Haj va Umraga (guruh rahbari bo‘lib) yo‘llanmalar berildi.
G‘oliblar:
1. Zangiota tumani “Sadr ota” jome masjidi imom-xatibi Izzatillayev Fayzulloh domla Haj;
2. Toshkent tumani “Ayri ota” jome masjidi imom noibi Sultonov Abu Bakr domla Haj;
3. Bo‘stonliq tumani “Mulla Po‘lat ota” jome masjidi imom-xatibi Isomov Nig‘matilla domla Umra;
4. Olmaliq shahar “Hilol” jome masjidi imom noibi Muydinxonov Sayidmuhammadxon domla Umra yo‘llanmasini (guruh rahbari bo‘lib) qo‘lga kiritdi.
Fursatdan foydalanib, barcha g‘oliblarni samimiy qutlaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati