O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari talabalarining qishki ta’til muddatlari ma’lum bo‘ldi.
Unga ko‘ra, qishki ta’til 2025 yil 29 dekabrdan 2026 yil 10 yanvargacha belgilandi. Dars mashg‘ulotlari esa 2026 yil 12 yanvardan davom etadi.
Shuningdek, talaba va o‘quvchilarning qishki ta’til davrida doimiy yashash hududlariga (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga) borib-kelishini qulay qilish maqsadida Transport vazirligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ hamda «Uzbekistan Airways» AJ bilan hamkorlikda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, 2025 yil 18 dekabrdan 2026 yil 12 yanvariga qadar (shu kuni ham) talabalar va o‘quvchilar uchun 50 foiz chegirma asosida yo‘l chiptalari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati