O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Abdulloh domla Yo‘ldoshevga opasi Muhayyo hoji onaning vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumani O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhumaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhumaning yaqinlariga, xususan, Abdulloh domla Yo‘ldoshevga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
Janoza namozi bugun, 9 dekabr seshanba kuni asr namozidan so‘ng Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida o‘qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz
Tokio shahrida O‘zbekiston elchixonasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida mazkur markazning Yaponiyadagi ilk keng qamrovli taqdimoti tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda Yaponiya ta’lim va madaniyat muassasalari, xususiy kompaniyalar, sayyohlik tashkilotlari vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon diplomatlari, tadqiqotchilar, OAV xodimlari, shuningdek, Yaponiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar va o‘zbek talabalari ishtirok etdilar.
Taqdimot davomida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi islom ma’rifati, ilm-fani va madaniyatini o‘rganish hamda sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish uchun xalqaro maydonga aylanishi qayd etildi.
Anjumanda O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniyat merosi, buyuk olimlar Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va Imom al-Moturidiyning islom ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Amir Temur va uning avlodlarining jahon tarixidagi o‘rni haqidagi materiallar taqdim etildi.
Markaz direktorining maslahatchisi, professor Tursunali Qo‘ziyev “Ma’rifat orqali kelajakka” mavzusida ma’ruza qilib, madaniy merosni asrab-avaylash, tarixiy xotirani tiklash va xalqaro muloqotni mustahkamlashning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.
Yaponiya Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti professori Manabu Simidzu O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans konsepsiyasining hamda turli sivilizatsiyalar, jumladan, Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirishning muhimligini alohida ta’kidladi.
Tadbir doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taqdimot filmi, O‘zbekistonning buyuk olimlari to‘g‘risidagi videomateriallar hamda yurtimizning madaniy merosi va me’moriy obidalariga bag‘ishlangan fotolar namoyish etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati