Bu sana alohida belgilangani bejiz emas. Bu kun jamiyat, iqtisodiyot va davlat boshqaruviga jiddiy xavf soluvchi illat sanalmish korrupsiyani yodga solish, uning oqibatlarini yana bir bor anglash, eng muhimi esa unga qarshi qat’iy kurashishda har bir kishi mas’ul ekanini eslatib turish uchun nishonlanadi.
Tarixga nazar solsak, 2003 yil 9 dekabrda Meksikaning Merida shahrida BMT tashabbusi bilan o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada 100 dan ortiq davlat “Korrupsiyaga qarshi xalqaro konvensiya”ni imzolab, global miqyosda birlashgan holda harakat qilishga kelishib olgan. Korrupsiya taqdiri bir davlat muammosi emas, balki butun dunyo xavfsizligi va barqaror rivojlanishi bilan bog‘liq masala.
Shu konferensiyaning birinchi kuni Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida e’lon qilindi. 2004 yildan buyon dunyo mamlakatlari ushbu sanani jamoatchilikni xabardor qilish, muhokama madaniyatini kuchaytirish va sohaga doir chora-tadbirlarni tizimlilashtirish maqsadida nishonlab kelmoqda.
Rezolyutsiyada ta’kidlanishicha, bu kunning asosiy maqsadi korrupsiyaning tub mohiyatini chuqur anglash, uni oldini olish choralarini mustahkamlash va barcha darajada qat’iy kurashishdir.
O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. So‘nggi yillarda barcha sohalarda ochiqlik, shaffoflik, hisobdorlik tamoyillarini kuchaytirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, “yashirin iqtisodiyot”ga chek qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlat va jamiyat hayotida raqamlashtirish jarayonlari tezlashib, xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish korrupsiyaviy omillarni kamaytirishda muhim vositaga aylandi. Eng muhimi, korrupsiya bilan kurash faqat davlat muassasalari yoki alohida idoralar vazifasi emas. Bu har bir fuqaroning fuqarolik burchidir.
Agar har birimiz qonunlarga rioya qilsak, shaffoflikni talab qilsak va huquqiy madaniyatimizni oshirsak, jamiyatni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Bahodir Kirgizov,
“Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki
Korrupsiyaga qarshi nazorat departamenti direktori,
UzA.
Jahongir Nig‘matov,
Toshkent Islom instituti talabasi.